Mazkur maʼruza “#Ibelong” (“#Men mansubman”, “#YAPrinadleju”) kampaniyasining 7 yilligi va BMTning 1961-yilgi Fuqarosizlikni kamaytirish toʻgʻrisidagi konvensiyasining 60 yilligiga bagʻishlab tashkil etildi.

Maʼruza avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va BMT Qochoqlar ishlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha vakili oʻrinbosari Dumitru Lipkanu talabalarga tabrik yoʻlladi.

Maʼruzadan maqsad – talabalarning fuqarosizlik sabablari va oqibatlari, dunyoda, jumladan, Markaziy Osiyoda fuqarosizlik bilan bogʻliq vaziyat haqidagi bilimlarini oshirishdan iborat. Shuningdek, yoshlarni inson huquqlari toʻgʻrisidagi asosiy xalqaro hujjatlar, jumladan, BMTning Fuqarosizlik toʻgʻrisidagi 1954 va 1961-yilgi konvensiyalari bilan tanishtirish koʻzda tutilgan.

Maʼlumki, 2014-yilda BMT Qochoqlar ishlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi “#Men mansubman” deb nomlangan fuqarosizlikka 10 yil ichida barham berish kampaniyasini amalga oshirishga kirishdi. Bu tadbir – fuqarosizlik bilan bogʻliq vaziyatni hal etish va kelgusida bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan oʻnta amaliy qadamdan iborat dasturni oʻzida qamragan global harakatlar rejasidir.

2019-yilda dunyodagi barcha mamlakatlarning oliy darajadagi vakillari ishtirokida boʻlib oʻtgan Fuqarosizlik masalalari boʻyicha yuqori darajadagi Segment majlisida “#Men mansubman” kampaniyasi doirasida dastlabki besh yilda erishilgan natijalar muhokama etildi va baholandi.

Bu haqda soʻz borganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar tufayli mamlakatimizda fuqarosizlikka barham berish borasidagi vaziyat keyingi besh yilda tubdan oʻzgarganini taʼkidlash lozim. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning fuqaroligi boʻlmagan shaxslar sonini kamaytirish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrish bilan bogʻliq chaqirigʻiga javoban birgina keyingi yilning oʻzida 56 ming 751 nafar shaxs Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega boʻldi.

Milliy va xalqaro ekspertlar tomonidan yoshlarning eʼtibori joriy yilda nishonlanadigan ayni mavzuga taalluqli xalqaro sanalarning mohiyati va ahamiyatiga qaratildi. Bu yil BMTning Fuqarosizlikni kamaytirish toʻgʻrisidagi konvensiyasi qabul qilinganiga 60 yil toʻladi. 1961-yilda qabul qilingan mazkur Konvensiya fuqarosizlik muammolarini hal etishga bagʻishlangan alohida va eng asosiy ikkita xalqaro shartnomaning biridir.

BMTning 1961-yilgi Fuqarosizlikni kamaytirish toʻgʻrisidagi konvensiyasiga qoʻshilar ekan, hukumatlar fuqarolikka boʻlgan ustuvor huquqni himoya qilishga sodiqligini namoyon etadi. Shaxsning fuqarolikka egaligi jamiyat hayotiga toʻlaqonli ishtirok etish, xususan, siyosiy huquqlarini amalga oshirish, saylovda ishtirok etish, mulk huquqidan foydalanish, mehnat, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalaridagi huquqlarini qonuniy asosda keng roʻyobga chiqarish imkoniyatlarini kafolatlaydi. Fuqarolik, shuningdek, insonning mamlakat hududida bir joydan ikkinchi joyga koʻchish, mamlakatga kelish va undan chiqib ketish kabi boshqa bir qator huquqlarini ham taʼminlaydi.

Onlayn-maʼruzada Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Samarqand davlat universiteti, Namangan davlat universiteti, Termiz davlat universiteti, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining yuridik fakultetlari talabalari ishtirok etdi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining matbuot xizmati.