Talabalarimiz 2 ta oltin, 5 ta kumush, 3 ta bronza va 4 ta faxriy yorliqqa sazovor bo‘ldi

    Xalqaro matematika olimpiadasi (IMC- International Mathematical Competition) natijalariga koʻra, yurtimiz sharafini himoya qilgan yosh iqtidorli talabalarimiz 2 ta oltin, 5 ta kumush, 3 ta bronza va 4 ta faxriy yorliqqa sazovor boʻldi.

    2020-yilning 25-30-iyul kunlari talabalar oʻrtasidagi xalqaro matematika olimpiadasi (IMC- International Mathematical Competition) onlayn tarzda oʻtkazildi. Ushbu olimpiadada 46 ta davlatdan 546 nafar talabalar ishtirok etdi. Olimpiada natijalariga koʻra yurtimiz sharafini himoya qilgan yosh iqtidorli talabalarimiz 2 ta oltin, 5 ta kumush, 3 ta bronza va 4 ta faxriy yorliqqa sazovor boʻldi!

    Matematika instituti va Oʻzbekiston Milliy universiteti hamkorlikda oʻtkazilgan “Mathematical olympiads of Uzbekistan for University Students” nomli onlayn loyihaning 1200 dan ortiq ishtirokchilari orasida iqtidorli 17 nafar talaba saralab olindi.

    Ushbu olimpiadada Qarshi davlat universitetidan 1 nafar, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetidan 1 nafar, Buxoro davlat universitetidan 2 nafar, Guliston davlat universitetidan 2 nafar va Oʻzbekiston Milliy universitetidan 11 nafar talabalar 3 ta guruh boʻlib ishtirok etdi.

    Karim Rahimov (OʻzMU) guruh rahbari, Gʻolib Botirov (Matematika instituti) va Shohruh Ibragimov (OʻzMU) guruh rahbari oʻrinbosarlari sifatida qatnashdi. Talabalarimizning olimpiadadagi ishtiroki uchun badal toʻlovi Matematika instituti huzuridagi Matematika fani va taʼlimini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan amalga oshirildi.