Yangi Oʻzbekiston chin maʼnoda yoshlar mamlakati. Bu yurtda ulgʻayayotgan yigit-qizlar orzusi va oʻz oldiga qoʻygan maqsadi bisyor. Davlatimiz rahbarining tashabbusi va qoʻllabquvvatlovi esa ularga ushbu ezgu maqsadini amalga oshirishda koʻmak beradi. Jumladan, Prezidentimiz raisligida bu yil 4-mart kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham oliy oʻquv yurtlari talabalari bandligini taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Hozir Samarqand davlat chet tillar institutida bu borada qator amaliy ishlar bajarilmoqda. Jumladan, ishga muhtoj yigit-qizlarni aniqlash va ularni ishga joylashtirish, davlat tashkilotlaridagi mavjud boʻsh ish oʻrinlarini aniqlab, ular bilan hamkorlikda ish olib borish, oʻquv muassasamizdagi til oʻqitish markazlari, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini kengaytirish kabi chora-tadbirlar bilan “Yoʻl  xarita”mizni belgilab oldik. Muhimi, talabalarning qiziqishidan kelib chiqib, tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi.

Institutda talabalarning bandligi va yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda hamkor tashkilotlardagi boʻsh ish oʻrinlarini aniqlash bilan shugʻullanuvchi bandlik, yaʼni kovorking markazi tashkil etilib, unga biriktirilgan xodimlarga kelgusidagi vazifalar belgilab berildi.

Institutda faoliyat koʻrsatib kelayotgan xorijiy tillarni oʻqitish markazlari, oʻquv kurslari hamda tadbirkorlik subyektlari, xizmat koʻrsatish sohalari faoliyatini kengaytirish orqali talabalar uchun yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda, hamkorlikda ish olib borayotgan umumtaʼlim muassasalari va taʼlim tashkilotlarida, shuningdek, turizm sohasi hamda xizmat koʻrsatish sohalarida mavjud ish oʻrinlarini aniqlash va ularga ishga muhtoj talabalarni joylashtirish, ularning qiziqishidan kelib chiqib, muntazam soʻrovnomalar oʻtkazish, institut rasmiy veb-saytida boʻsh ish oʻrinlari platformasini ochish va doimo boʻsh oʻrinlarini eʼlon qilib borish kabi ishlarni yoʻlga qoʻyish ham institut bandlik markazining asosiy vazifalari sirasiga kiradi.

Mazkur markazning fakultetlararo oʻtkazgan soʻrovnomasi natijalariga koʻra, institutda tahsil olayotgan talabalardan 843 nafarining oʻqishdan boʻsh vaqtda ishlashga ehtiyoji mavjud. Mart oyi holatiga koʻra, 200 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj talabani institutimizdagi boʻsh ish oʻrinlariga, oʻquv va til oʻqitish markazlariga hamda umumtaʼlim muassasalariga, shuningdek, hamkorlikda faoliyat koʻrsatib kelayotgan tadbirkorlik subyektlariga ishga joylashtirdik. Qolgan 643 nafar ishga ehtiyojmand talabamizni ish bilan taʼminlash borasida rejalarni belgilab olganmiz.

Ayni paytda institut qoshida “Smart English”, “IELTS” oʻquv markazlari, hududiy til oʻrgatish markazi, uning Narpay va Payariq tumanlaridagi filiallari faoliyat yuritib kelmoqda. Xorijiy tillarni oʻrgatish uchun yetarli bilim va koʻnikmaga ega hamda chet tilini bilish darajasi kamida B2 va C1 boʻlgan 150 talabamizni pedagogik faoliyatga jalb etishni rejalashtirganmiz.

Shunday salohiyatga ega yana 170 nafar talabamiz Samarqand viloyatida xorijiy tillarni oʻrgatishga ixtisoslashgan oʻquv markazlari  va IT parklarga ishga joylashadi. Oliy taʼlim muassasasining ichki imkoniyatidan foydalanib, boʻsh xonalarni talabalarga pulli oʻquv kurslari va toʻgaraklar, jumladan, IT, sport, tikuvchilik uchun berish orqali 40 nafar talaba ish bilan taʼminlanadi. Shuningdek, yoshlarni turli loyihalarga jalb qilish, tegishli muassasalarga tarjimonlik xizmati koʻrsatishga jalb etish orqali 47 nafar talaba darsdan boʻsh vaqtida daromad topish imkoniyatiga ega boʻladi.

Davlatimiz rahbari viloyat va shahar hokimlari hamda oliy taʼlim muassasalari rektorlari birgalikda oliygohlar va xususiy sektor oʻrtasida hamkorlikni tizimli yoʻlga qoʻyib, 100 ming nafar talabani ish bilan band qilishi zarurligini taʼkidladi. Bu jarayonda vakansiya va amaliyot yarmarkalari, talabalar uchun biznes uchrashuvlar tashkil etilishi kerakligi aytildi.

Mazkur topshiriqqa binoan, har hafta institutimizda Samarqand shahar aholi bandligiga koʻmaklashish markazi bilan hamkorlikda boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi hamda karyera kunlari oʻtkazib kelinadi. Unda oltmishdan ortiq davlat tashkilotlari, maktabgacha, umumiy oʻrta hamda oliy taʼlim muassasalari, turli korxona va idoralar qatnashyapti. Ish beruvchilar talabalarni ishga joylashish boʻyicha shartlar bilan tanishtirib, vakant ish oʻrinlari toʻgʻrisida maʼlumotlarni havola etmoqda.

Institutimiz xorijiy oliygohlar bilan hamkorlik oʻrnatish borasida ham yetakchi boʻlishga intilmoqda. Bugunga qadar yuzga yaqin nufuzli xorijiy oliygoh bilan xalqaro aloqalarni izchil davom ettirib, talabalarni ish bilan taʼminlash borasidagi vazifalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Germaniyadagi “The Simson Private Academy” va “Globalconsalt” bandlik firmalari bilan birga nemis tili boʻyicha kamida V1 xalqaro til bilish darajasiga ega bitiruvchilarni dastlab amaliyotga yuborish, soʻng ish bilan taʼminlash boʻyicha kelishib olindi. Hamkorlarimiz uch oy oʻqitish, yoʻlkira, yashash, ovqatlanish boʻyicha barcha zarur sarf-xarajatni qoplash, 1000-1800 yevro atrofida oylik maosh berishni zimmasiga oldi.

Bu yil 29-mart kuni Germaniyaning “The Simson Private Academy” agentligi rahbariyati, Germaniyaning Tyuringiya viloyati malakali ishchilarni yollash agentligi hamda Samarqand davlat chet tillar instituti vakillari ishtirokida boʻlib oʻtgan uchrashuvda bitiruvchilarni kasbiy qayta tayyorlash markazini tashkil etishga kelishildi va bu borada hamkorlik memorandumi imzolandi.

Hamkorlik maqsadiga koʻra, nemis tili boʻyicha B1 darajaga ega boʻlgan bitiruvchilar Germaniyaning nufuzli firmalarida turli sohalar boʻyicha dastlab 6 oy stajirovka oʻtaydi. Dual taʼlim sifatida bitiruvchilar bir vaqtning oʻzida kasb oʻrganadi va nemis tilini puxta oʻzlashtiradi. Bu esa bitiruvchilarning kelajakda xalqaro standartlar boʻyicha kasb egallashiga imkoniyat yaratadi.

Umuman olganda, bu kabi istiqbolli rejalar kelgusida talabalarning oʻz sohasining yetuk mutaxassisi boʻlib yetishishida muhim oʻrin egallaydi. Zero, taʼlimga qaratilayotgan eʼtibor va ajratilayotgan sarmoya hech qachon besamar ketmaydi. Shijoatli oʻgʻil-qizlarimiz berilayotgan imkoniyatdan unumli foydalanib, el koriga yaraydigan farzandlar boʻlib yetishishiga ishonamiz.