Davlatimiz rahbari 2021-yil 29-sentyabr kuni Andijon viloyatiga tashrifi davomida institutimiz klinikasi bilan tanishgani oliy taʼlim muassasamiz hayotida muhim voqea boʻldi. Oʻsha tashrifda klinikamizning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirishga oid zarur tavsiya va topshiriqlar berildi.

Institutimiz klinikasi 1975-yili qurilgan boʻlib, shu kungacha qisman joriy taʼmirlash ishlari bajarilgan edi. Vaholanki, yiliga oʻrtacha toʻqson mingdan ortiq yurtdoshimiz murojaat qiladigan, oʻttiz mingdan ziyod bemor statsionar tarzda davolanadigan tibbiyot muassasasi uchun bu yetarli emas. Qolaversa, Andijon davlat tibbiyot instituti talabalari ham amaliy mashgʻulotlarni shu yerda oʻtaydi.

Davlatimiz rahbari buning uchun klinikada sharoit yetarli emasligi, haqiqatan, binolar eskirib, taʼmirtalab boʻlib qolganini taʼkidladi. Klinikani toʻliq rekonstruksiya qilib, uning negizida vodiy aholisi uchun kardiologiya, neyroxirurgiya, koʻz kasalliklari va urologiya boʻyicha murakkab operatsiyalar oʻtkaziladigan tibbiyot markazini tashkil etishga koʻrsatma berdi.

Prezidentimiz institut professor-oʻqituvchilari bilan suhbatda “Inson qadrini ulugʻlash, uning hayotiy manfaatlarini taʼminlash uchun, eng avvalo, odamlarning salomatligi va yashash sharoitini yaxshilashimiz kerak. Institut va klinika bu borada katta markazlardan biri boʻla oladi. Buning uchun zarur sharoitlarni yaratamiz. Faqat taʼlim metodikasini yangilash, dunyo tibbiyotida qoʻllanayotgan ilgʻor uslublarni tatbiq etish kerak”, dedi.

Shundan soʻng Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-noyabrdagi “Andijon davlat tibbiyot instituti va uning klinikasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, institut klinikasida mamlakatimizning qator ixtisoslashtirilgan nufuzli tibbiyot markazlari filiallari faoliyat boshlashi belgilandi.

Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya, kardiologiya, neyroxirurgiya, urologiya, nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining tegishli yoʻnalishlari boʻyicha yuridik shaxs boʻlmagan filiallar tashkil etish hamda yuqori texnologik diagnostika va davolash usullarini joriy etishga koʻrsatma berildi.

Shu bilan birga, Andijon viloyatida sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish borasida bajariladigan ishlar yuzasidan aholisi koʻp hududlarda tibbiy koʻriklar oʻtkazilib, kasallik turlari boʻyicha davolashning yangi uslublarini amaliyotga joriy qilish vazifasi qoʻyildi. Bu vazifalar ijrosi doirasida amaliy-uslubiy yordam sifatini oshirish hamda bemorlarni tashxislash va davolashning zamonaviy usullarini joriy etish uchun viloyatdagi 160 ta birlamchi davolash muassasasiga institutimizning 132 nafar professor-oʻqituvchisi masʼul etib biriktirildi.

Bitiruvchi kurs talabalari amaliyotini bevosita birlamchi tizimda yoʻlga qoʻyish maqsadida viloyatdagi 160 ta tibbiyot muassasasida oʻquv xonalari tashkil etildi. Onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha viloyatning 17 ta shahar va tumaniga institutimizning onkolog va gematolog mutaxassislari masʼul etib biriktirildi.

Ular ishlab chiqqan maxsus oʻquv dasturi asosida joylardagi onkolog va gematologlar malakasi oshirildi. “Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun” salomatlik aksiyasida mutaxassislarimiz faol ishtirok etdi. Jarayonda jarrohlikka muhtoj 154 bemorning operatsiyasi oʻtkazildi. Yaʼni shuncha xonadonga umid, ishonch, quvonch qaytdi. Shuncha odamda hayotini sogʻlom davom ettirish imkoniyati paydo boʻldi. Bu kabi tadbirlar birgina viloyat doirasida emas, boshqa hududlarda ham oʻtkazilyapti.

Jumladan, Andijon davlat tibbiyot institutining 6 nafar malakali xodimi 24-martdan 3-aprelgacha Qoraqalpogʻistonning Kegeyli tumaniga aholi salomatligini va tibbiy xizmat sifatini yaxshilash maqsadida safarbar qilindi. Safar davomida ular 784 bemorni tibbiy koʻrikdan oʻtkazdi. Jarrohlik amaliyotiga muhtoj 27 bemorni operatsiya qildi.

Institutimizda Pokiston, Hindiston, Xitoy va Afrika davlatlaridan kelgan 343 talaba taʼlim olayotgani bois, asosiy shtatdagi 753 professor-oʻqituvchi barcha darslarni zamonaviy standartlarga muvofiq, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, YUNISEF va boshqa xalqaro tashkilotlar maʼqullagan oʻquv modullari asosida oʻtmoqda. Ushbu jarayonni yuqori darajada tashkil qilishda institut va kafedralar oʻrtasida elektron aloqa oʻrnatilgani, hujjatlar almashinuvi yaxshi yoʻlga qoʻyilgani juda qoʻl kelmoqda.

Jahonda shiddat bilan kechayotgan globallashuv, taʼlim, texnika va texnologiyalarning keskin rivoji, dunyo hamjamiyati bilan aloqalarning chuqurlashuvi yoshlarni koʻproq xorijiy tillarni oʻrganishga undamoqda. Professor-oʻqituvchilarning chet tilini puxta oʻrganishi hamda kompyuter va internetdan erkin foydalanishini taʼminlash boʻyicha har yili ikki marta malaka oshirish kursi tashkil etilmoqda. Chet ellik olimlar bilan telekoʻprik orqali davra suhbatlari oʻtkazilmoqda.

Mutaxassislarimiz xorijning oʻndan ziyod tibbiyot akademiya si professor-oʻqituvchilari koʻmagida masofaviy malaka oshirmoqda. Talabalar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, ularning bilim olishga intilishini koʻrib, ishonch bilan ayta olamizki, Andijon davlat tibbiyot institutidan yetishib chiqayotgan mutaxassislar Yangi Oʻzbekistonni barpo etuvchilar safida faol boʻla oladi.

Bitiruvchi kurs talabalari uchun oʻquv jarayoni institutning umumiy amaliyot shifokorlari malakasini oshirish kafedrasida tashkil etilgan qishloq oilaviy tibbiyot punkti, qishloq vrachlik punkti va oilaviy poliklinika modellarida olib borilishi taʼminlandi. Ham nazariy, ham amaliy darslarni vaqtida oʻzlashtirayotgan yoshlar oilaviy shifokor sifatida aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatib kelmoqda.

Bu tashabbus Namangan va Fargʻona viloyatlarida ham qoʻllab-quvvatlandi. Bundan ham oʻqib, ham daromad topayotgan talabalarimiz qatori ularning ota-onalari, ayniqsa, bemor yurtdoshlarimiz juda minnatdor. Prezidentimiz raisligida shu yil 4-mart kuni oliy taʼlim muassasalari talabalari bandligini taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektorda berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida institutimiz bitiruvchilarining oʻz yashash hududida ishlashi uchun koʻmaklashganimiz zoye ketmadi.

Bu yil institutni tamomlagan 969 talabadan 749 nafari ish bilan taʼminlandi. Bunda ularning bitiruvchi kurs amaliyotini yashash hududidagi tibbiyot muassasalarida oʻtab, oila shifokori sifatida ish boshlagani yordam berdi. Ayni paytda ularning bari ushbu tibbiyot muassasalarida faol iyatini davom ettirmoqda. Talabalarni ish bilan taʼminlash harakatini shu bilan toʻxtatganimiz yoʻq.

Hozir Andijon viloyatida yashovchi bitiruvchi talabalarimizdan 249 nafari mehnat shartnomasi asosida tuman va shahar tibbiyot birlashmalariga qarashli birlamchi tibbiy sanitariya yordami, tez tibbiy yordam muassasalari hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining tuman (shahar) boʻlimlariga ishga joylashtirildi. 2022/2023 oʻquv yilida magistratura va klinik ordinatura yoʻnalishlarida tahsil olayotgan bitiruvchilardan 245 nafari mutaxassisligi boʻyicha ishga joylashtirildi va tibbiyot muassasalarining tajribali shifokorlari hamda institutning masʼul professor-oʻqituvchilariga ustoz-shogird tizimi asosida biriktirildi.

Vodiyda yagona, mamlakatimizda oʻz nufuziga ega tibbiyot institutimizda ayni vaqtda taʼlim olayotgan 8702 nafar yigit-qiz yurtdoshlarimiz salomatligini mustahkamlash, sogʻlom insonlar safini kengaytirish, onalar va bolalar sogʻligʻini muhofaza qilish, aholi oʻrtasida tibbiy madaniyatni targʻib etish kabi ezgu ishlarni roʻyobga chiqarishni maqsad qilgan.