Nizom bakalavriat yoʻnalishida 2- va undan yuqori kursda oʻqiyotgan talabalarning oʻqishi uchun shartnoma toʻlovlarini ish beruvchilar tomonidan qoplab berish hamda ularning taʼlimi yakunlangach ishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
Nizomga koʻra, oliy taʼlim tashkilotlari hamda talabalar oʻrtasida 3 tomonlama shartnomalar tuzishda ishchilar soni 50 nafardan ortiq yoki qiymati kamida 1 mln AQSH dollari boʻlgan investitsiya loyihalariga ega vazirlik, idora hamda tashkilotlar buyurtmachi sifatida ishtirok etishi mumkin.
Talabalar har yili 20-sentyabrgacha saralashda ishtirok etish uchun oliy taʼlim tashkilotiga elektron ariza topshiradi. Bunda oʻzlashtirish koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma ilova qilinadi.
Talabalar oʻqishni bitirganidan soʻng buyurtmachi korxona yoki tashkilotda ishlab berish sharti bilan ariza topshiradi.
Ariza topshirish va saralab olishda ishtirok etuvchi talabgorlarning joriy oʻquv yilida oʻzlashtirish GPA koʻrsatkichi 3 va undan yuqori boʻlishi talab etiladi.
Tanlov komissiyasi har yili 15-oktyabrgacha oliy taʼlim tashkilotida talabgorlarni suhbat asosida saralab olishdan oʻtkazadi.
Talabgorlarni saralab olishda buyurtmachi vakili xulosasi asosiy mezon hisoblanadi.
3 tomonlama shartnoma tuzgan va taʼlimni muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar oʻqishini bitirganidan keyin buyurtmachi tomonidan belgilangan tartibda ishga qabul qilinadi.