Talabalarning maqomini belgilash vaqti keldi

    Yoshlar onlayn forumida qanday gʻoya va takliflar ilgari surildi?

    Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashida “Respublika yoshlari onlayn forumi” oʻtkazildi. Partiyaning “Yoshlar qanoti” faollari, Yoshlar parlamenti aʼzolari, yosh deputatlar hamda joylardagi faol yoshlar ishtirok etgan forumni Oʻzbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi U.Inoyatov kirish soʻzi bilan ochib berdi.

    Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur sharoit va imkoniyatlar yaratish borasida koʻp yangiliklar boʻldi. Mustahkam huquqiy baza yaratilib, yangicha tizim yaratildi. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida muhim vazifalar belgilangani qayd etildi.

    Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasining huquqlar va imkoniyatlar tengligi, manzilli qoʻllab-quvvatlash va faollikni ragʻbatlantirish kabi ustuvor gʻoyalari yoshlar manfaatlariga har tomonlama uygʻundir.

    Shuning uchun partiyaning dastur va loyihalarini takomillashtirishda, yangi tashabbuslarni ilgari surishda, ijtimoiy masalalarga yangicha yechimlar topishda yoshlarning fikr-mulohazalari, takliflari nihoyatda muhim ekaniga urgʻu berildi. Yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish haqidagi eng yaxshi fikrlar ularning oʻzidan chiqadi, albatta.

    Onlayn forumda 14 ta hududiy studiyadan ulangan yigit-qizlar turli mavzu va masalalar boʻyicha taklif va tashabbuslarini bildirishdi. Siyosiy-huquqiy jarayonlarda yoshlarning faol ishtirokiga erishish, hayotga ochiq va toʻgʻri munosabatni shakllantirish kabi masalalar boʻyicha ham forum qatnashchilari taqdimotlari bilan ishtirok etishdi.

    Masalan, fargʻonalik yoshlar qator qonun hujjatlarini kodifikatsiyalab, yagona “Yoshlar kodeksi”ni qabul qilish taklifini bildirgan boʻlsa, qoraqalpogʻistonlik yoshlar hududlarda taʼlim sifatini oshirish, buxoroliklar mediasavodxonlikni rivojlantirish va mediataʼlimni joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

    Shuningdek, navoiylik yoshlar ekologik toza binolar qurish va chiqindilarni qayta ishlashni rivojlantirish, xorazmlik faollar esa iqtisodiyot tarmoqlarida tejamkor va yuqori samaraga ega innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish yoʻnalishlari yuzasidan taqdimotlarini asoslab berishdi.

    Samarqand viloyati vakillarining harakatlanishda maxsus aravachalardan foydalanuvchilarni turizmga jalb qilish borasidagi aniq takliflari ham oʻziga xosligi bilan ajralib turdi. Umuman, forumda qiziq, asosli, optimistik gʻoya va takliflar berildi, turli hududlardan bitta platformaga yigʻilgan yoshlar oʻzaro fikr almashish, savollariga birgalikda javob olish imkoniyatiga ham ega boʻlishdi.

    Forumda davomida ilgari surilgan har bir gʻoya va tashabbusga alohida eʼtibor berilishi, ular partiyaning barcha hududlardagi deputatlik korpusi, turli darajadagi tashkilotlari faoliyatini kuchaytirishda dolzarb ahamiyatga boʻlishi mamnuniyat bilan taʼkidlandi.