Ming afsuski, ayni qiyin sharoitda taksi xizmati koʻrsatuvchilar tomonidan yetkazish va tashish narxlarini sunʼiy oshirish holatlari sodir etilmoqda. Boz ustiga belgilangan karantin talablariga ham toʻlaqonli rioya etilmayapti. Bu esa aholi noroziligiga sabab boʻlmoqda.
Ushbu masalalarini oʻrganish uchun 17-iyul kuni Toshkent shahrida karantin davrida taksi xizmati bilan shugʻullanayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan nazorat tadbirlari oʻtkazildi. Transport vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati mutaxassislari yoʻllardagi mavjud vaziyatni oʻrgandi.
Yoʻl patrul xizmatining 14 ta statsionar postida soat 10:00dan 17:00gacha taksi haydovchilarining sanitariya-epidemiologiya xavfsizligi meʼyorlariga qay darajada amal qilayotgani, faoliyat yuritish uchun litsenziyaning mavjudligi, xizmat koʻrsatish narxlari oʻrganildi.
Nazorat tadbirlarida 45 ta qonun buzilish holati qayd etildi: sanitariya-epidemiologiya xavfsizligi meʼyorlariga amal qilmaslik (22) noqonuniy faoliyat yuritish (23). Ushbu holatlar boʻyicha tegishli idoralar tomonidan dalolatnomalar rasmiylashtirildi.
Shuni taʼkidlash joizki, avtomobil transportida yoʻlovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shugʻullanish Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 176-3-moddasiga asosan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan yuz baravarigacha, yaʼni 4,5 mln.soʻmdan 22,3 mln.soʻmgacha boʻlgan miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Soliq xizmati organlari xodimlari taksi xizmati narxlari ikki baravar oshirilganini aniqladi. Bu haqida 108 nafar norozi boʻlgan yoʻlovchilar maʼlum qildi.
Hozirgi murakkab vaziyatda narxlarni asossiz oshirib yuborish qanchalik qonuniy va insoniylikka mos? Xulosa oʻzingizdan.
DSQ Matbuot xizmati