Unga koʻra:
respublikadagi barcha oliy taʼlim tashkilotlari tarkibida ularning belgilangan shtatlari doirasida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi tavsiyasiga asosan lavozimiga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan 3 nafar xodimdan iborat taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimlari tashkil etiladi;
boʻlim boshligʻining oylik ish haqi oliy taʼlim muassasasi dekani lavozimi maoshiga, bosh mutaxassislarining oylik ish haqi – oliy taʼlim muassasasi dekani oʻrinbosari lavozim maoshiga tenglashtiriladi.
Boʻlimlarga esa:
oliy taʼlim tashkiloti taʼlim oluvchilari bilimlarining davlat taʼlim standartlari, davlat taʼlim talablari va oʻquv dasturlariga muvofiqligini oʻrganib borish va tahlil qilish;
taʼlim sifati monitoringini yuritish;
oliy taʼlim tashkilotida ichki baholash jarayonini tashkil etish va oʻtkazish;
professor-oʻqituvchilarning faoliyati samaradorligi boʻyicha reytingini shakllantirib borish;
ichki baholash natijalarini va taʼlim sifatiga taʼsir etgan omillar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oliy taʼlim tashkiloti rektoriga hamda Taʼlim inspeksiyasiga taqdim etish vazifalari yuklanadi.
Ushbu qaror bilan:
Taʼlim inspeksiyasining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 156 nafardan iborat yangilangan tashkiliy tuzilmasi;
Taʼlim inspeksiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar boshqarmalari xodimlarining cheklangan soni tasdiqlanadi.
Taʼlim inspeksiyasiga shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarga quyidagi xizmatlarni koʻrsatish huquqi beriladi:
taʼlimga oid hujjatlar loyihalarini tayyorlash;
taʼlim sifatini ichki baholash tizimi, shu jumladan sifat menejmenti tizimini ishlab chiqish, ekspertizadan oʻtkazish va joriy qilishga koʻmaklashish;
ilmiy-metodik va axborot-konsalting xizmatlarini koʻrsatish;
ularning xodimlarini taʼlim sifatini taʼminlash masalalari boʻyicha malakasini oshirish;
namunaviy test topshiriqlari asosida taʼlim oluvchilar oʻrtasida diagnostik test sinovlari oʻtkazish;
oʻquv va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar, jurnallar, axborotnomalar hamda boshqa adabiyotlarni tayyorlash, nashr etish va realizatsiya qilishni tashkil etish;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa xizmatlar.
Taʼlim inspeksiyasi ikki oy muddatda:
ilgʻor xorij tajribasi asosida taʼlim tashkilotlarining taʼlim faoliyatini litsenziyalash boʻyicha toʻlov va muddatlarni taʼlim turlari xususiyatlarini inobatga olib tabaqalashtirilgan holda belgilash;
nodavlat taʼlim tashkilotlari hamda oʻzini oʻzi moliyalashtiradigan davlat taʼlim muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazganlik uchun taʼlim turlari xususiyatlarini inobatga olgan holda yangi yigʻim miqdorlarini tasdiqlash;
boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish vazifalari yuklanadi.
Eslatib oʻtamiz, muhokama shu yilning 29-avgustigacha davom etadi.