Oʻtgan yil 25-dekabr kuni davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanida joylashgan “Uzbekistan GTL” zavodini tantanali ochib berdi. Ushbu zavod nafaqat mamlakatimizda, umuman, mintaqamizda neft, gaz-kimyo sanoati sohasidagi eng yirik korxona boʻlib, majmuada yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gaz qayta ishlanadi. Qiymati 1 milliard AQSH dollaridan ziyod boʻlgan 1,5 million tonna tayyor suyuq mahsulot ishlab chiqariladi. Korxona yiliga 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yonilgʻisi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlash quvvatiga ega.

“Uzbekistan GTL” zavodi bilan tanishish vaqtida Prezidentimiz zavodning boshqaruv markazida ushbu majmuani loyihalash, qurish, ishga tushirish va boshqarishda faol ishtirok etayotgan mahalliy yoshlar bilan uchrashib, samimiy suhbatlashdi. Ushbu qorakoʻzlar oʻzimizning mahalliy kadrlar boʻlib, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti bitiruvchilari ekani barchamizni quvontiradi.

Uchrashuvda sohaga tegishli qator korxona, tashkilot va oliy taʼlim muassasalariga ishlab chiqarish va ilm-fan integratsiyasini taʼminlaydigan taʼlim klasterini tashkil etish topshirigʻi berildi. Mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan amaliy ishlar boshlandi. Jumladan, “Uzbekistan GTL” zavodida oliy taʼlim negizida taʼlim klasterini tashkil qilish uchun oʻquv dasturlarini zamonaviy talablar asosida qayta koʻrib chiqish, talabalar amaliyotini shu majmuada tashkil etish boʻyicha tizimda faoliyat yuritayotgan rahbar xodimlar va professor-oʻqituvchilardan iborat ishchi guruh shu yilning 12-13-yanvar kunlari ushbu majmuada boʻldi.

Universitet masʼullari va professor-oʻqituvchilari korxonada boʻlib, uning imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi. Markaziy laboratoriya, boshqaruv pulti va bevosita ishlab chiqarish jarayonidagi sharoitni oʻrganib, bu yerda mehnat qilayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi. Muloqot jarayonida megaloyiha imkoniyatlari va kadrlarga qoʻyilayotgan talablar haqida soʻz bordi. Yosh mutaxassislar oliy taʼlim muassasalarida kadrlar tayyorlash tizimi boʻyicha qator takliflar bildirdi.

Mana shu saʼy-harakatlar izchil davom ettirilib, shu yil 7-iyulda davlatimiz rahbarining “Neft va gaz sohasida taʼlim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unda neft va gaz sanoatini yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash, mazkur sohada taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasida oʻzaro integratsiyani yoʻlga qoʻyish, kadrlarni oʻqitishning usul va shakllarini takomillashtirish orqali taʼlim sifatini hamda mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga toʻgʻridan-toʻgʻri tatbiq qilish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Qarorning birinchi ilovasida neft va gaz sohasidagi taʼlim-ishlab chiqarish klasterining tuzilmasi keltirilgan. Unda yurtimizdagi nufuzli oliy taʼlim muassasalari qatorida Toshkent davlat texnika universiteti ham borligi jamoamizning barcha professor-oʻqituvchilarini quvontirdi. Shu bilan birga, zimmamizga ulkan masʼuliyat yukladi.

Qarorga binoan, taʼlim klasteri tuzilmasi, taʼlim klasteri faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibi, 2022-2023-yillarda taʼlim klasterini kompleks rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” hamda taʼlim klasterini 2026-yilga qadar rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlangan. Klaster tarkibiga ishlab chiqarish korxonalaridan “Uzbekistan GTL”, Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi, Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi, taʼlim tashkilotlaridan Toshkent davlat texnika universiteti bilan bir qatorda yana 2 ta oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot muassasalari, maktab, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tashkilotlaridan esa “UNG training” MCHJ kiritilgan.

2022-2023 oʻquv yilidan boshlab taʼlim klasteri tarkibiga kiruvchi professional va oliy taʼlim muassasalarida neft hamda gaz sohasi boʻyicha tahsil olayotgan iqtidorli oʻquvchilar va talabalar uchun ishlab chiqarish korxonalarining stipendiyalarini joriy etish koʻzda tutilgan. Qarorning yana bir muhim yoʻnalishi sifatida ilmiy yondashuv asosida bilim berishga ham alohida eʼtibor qaratilgan.

Bu jarayonda ilmiy tadqiqot tashkilotlarining yuqori malakali professor-oʻqituvchilari va mutaxassislarini ishlab chiqarish korxonalari doktorantlari va mustaqil tadqiqotchilariga ilmiy maslahatchi sifatida biriktirish koʻzda tutilgan. Bitiruv-malakaviy ishlari, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari mavzularini ishlab chiqarish korxonalaridagi muammolar asosida shakllantirish rejalashtirilgan.

Majmua bilan hamkorlikda Toshkent davlat texnika universiteti tomonidan “Suyuq uglevodorodlarni olish uchun yangi turdagi katalizatorlarni yaratish”, “Suyuq uglevodorodlarni olishda oraliq mahsulotlarni qayta ishlash” va “Quyi molekulyar gazlarni termokimyoviy qayta ishlash” loyihalarini amalga oshirish moʻljallangan. Bugun Toshkent, Navoiy, Fargʻona, Buxoro viloyatlari va Ustyurtda yana 5 ta kimyo texnologik klasterini tashkil etish boshlangan.

Mavjud va yangi quvvatlarni yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash, mazkur sohada taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasida oʻzaro integratsiyani yoʻlga qoʻyish, kadrlarni oʻqitishning usul va shakllarini takomillashtirish orqali taʼlim sifatini hamda mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga toʻgʻridan-toʻgʻri tatbiq qilish maqsadida “Oʻzbekneftgaz” AJning ishlab chiqarish korxonalari, taʼlim, ilmiy tadqiqot hamda kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tashkilotlari bilan birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnoma asosida neft va gaz sohasidagi taʼlim-ishlab chiqarish klasteri tashkil etilmoqda.

Ishlab chiqarish korxonalarida mehnat qilayotgan, koʻp yillik tajribaga ega, lekin oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xodimlarni “Oʻzbekneftgaz” AJning tavsiyanomasi asosida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda, keyinchalik oʻzi faoliyat yuritib turgan korxonada kamida uch yil ishlab berish sharti bilan oliy taʼlim muassasalari bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida maqsadli oʻqitish tartibi joriy etiladi.

Taʼlim klasteridan kelgusi 5 yilda qator natijalar kutilmoqda. Jumladan, 220 nafardan ortiq professor-oʻqituvchi va tadqiqotchi, 3 mingdan ortiq talaba va magistrning korxonalarda stajirovkasi va amaliyoti tashkil etiladi. Yetmish nafardan ortiq professor-oʻqituvchi xorijiy mamlakatlarga malaka oshirishga yuboriladi. Shuningdek, 150 nafardan ortiq xodim bakalavriat, 100 nafardan ortigʻi magistraturada tahsil olishga jalb etiladi.

Ishlab chiqarish korxonalaridagi 20 nafardan ortiq mutaxassisning ilmiy daraja olishi taʼminlanadi. Qolaversa, oliygohlarda oʻnga yaqin oʻquv laboratoriyasi, simulyatsion xonalar va trenajyorlar tashkil etiladi. Amaliyotchi mutaxassislar bilan hamkorlikda oʻttizdan ortiq darslik, oʻquv qoʻllanma, adabiyotlar nashr etiladi.

Bu esa ishlab chiqarish va ilm-fan integratsiyasini taʼminlaydigan taʼlim klasterining nafaqat oʻqitish sifatini oshirish, balki ishlab chiqarish bilan uzviy hamkorlikda ishlash, raqobatbardosh va sifatli kadrlar tayyorlash, yondashuvni oʻzgartirish zarurligini koʻrsatadi. Ushbu taʼlim klasteri xorijlik muhandis-texnologlar bilan raqobatlasha oladigan, yuqori salohiyatli kadrlarni tayyorlashning muhim omili boʻladi.