Taʼlim oʻzbek tilida boʻlmagan maktab bitiruvchilari endi davlat tili fanidan majburiy imtihon topshiradi.

Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining “Umumiy oʻrta taʼlim oluvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish haqida”gi buyrugʻida belgilandi.

Hujjatga muvofiq, bitiruvchi sinflarda yakuniy attestatsiya oʻtkaziladigan fanlar roʻyxati, shakli va muddatlari har oʻquv yilida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Bunda ushbu roʻyxatga taʼlim tili oʻzbek boʻlmagan maktablar uchun davlat tili majburiy fanlar blokiga kiritiladi.

Yakuniy davlat attestatsiyasi doirasida 11-sinf bitiruvchilari majburiy hamda tanlov fanlari boʻyicha yakuniy attestatsiyadan oʻtkaziladi. Bunda tanlov fanlari roʻyxatidan bitiruvchi oliy taʼlim tashkilotiga kirish imtihonidagi oʻz tanlagan yoʻnalishga mos fanlarni tanlashi mumkin.

Attestatsiya fanlari va shakllari:

9-sinf bitiruvchilari:

  • ona tili va adabiyoti (taʼlim oʻzbek tilida olib boriladigan sinflar uchun) fanidan — yozma;
  • davlat tili (taʼlim tili oʻzbek tili boʻlmagan sinflar uchun) fanidan — yozma;
  • matematika fanidan — yozma;
  • Oʻzbekiston tarixi fanidan — yozma/ogʻzaki;
  • jismoniy tarbiya fanidan — amaliy shaklda oʻtkaziladi.

11-sinf bitiruvchilari:

  • ona tili va adabiyoti (taʼlim oʻzbek tilida olib boriladigan sinflar uchun) fanidan — yozma;
  • davlat tili (taʼlim tili oʻzbek tili boʻlmagan sinflar uchun)dan — yozma;
  • matematika (asosiy) / matematika (chuqurlashtirilgan) fanidan — yozma;
  • tarix fanidan — yozma.

Xorijiy tillar yoki umumtaʼlim fanlari boʻyicha milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʻlgan oʻquvchilar, ushbu fandan imtihon topshirishdan ozod etiladi. Sertifikatlar roʻyxati vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.

Yakuniy attestatsiyada kuzatuv kengashi hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillari jamoatchilik asosida kuzatuvchi sifatida qatnashishlari mumkin.

Xorijiy tillar hamda umumtaʼlim fanlari boʻyicha milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxati Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.