Qo'qon shahridagi 41-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabi direktori Gullola Qodirova hamda ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosari Doniyor Temirboev pora beruvchi ota-onalarning farzandlarini maktabning 1-sinfiga qabul qilish maqsadida jinoiy reja tuzishgan. D.Temirboev 2020 yil 17 avgust kuni D. Tadjievaning farzandini 1-sinfga qabul qilish evaziga S. Meliboev orqali pora tariqasida 150 AQSH dollari berishni talab qiladi. Bundan tashqari, G.Irgashevaning farzandini maktabga qabul qilish uchun 100 AQSH dollari va 300 000 so'mni pora tariqasida olganda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o'tkazilgan tadbirda ushlangan.
Maktab direktori SH.Qodirova o'zining o'rinbosari D.Temirbaev orqali berilgan pullarni pora tariqasida olganda qo'lga olingan. Jinoyat ishlari bo'yicha Qo'qon shahar sudi tomonidan mazkur ish ko'rib chiqilib, G.Qodirovaga O'zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “a,v” bandlari bilan JKning 45-moddasini qo'llab, 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlaridan ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan ozodlikdan mahrum qilish jazosiga shartli hukm qilinib, 3 yil sinov muddati belgilandi. D.Temirbaevga esa 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, sud zalidan qamoqqa olindi.
Farg'ona viloyatida ta'lim sohasida tamagirlik, korruptsiya holatlari ko'p uchramoqda, deya xabar bermoqda Oliy sud axborot xizmati.