Mazkur ta’lim guruhiga ta’lim tizimidagi barcha vazirlik, idora va tashkilotlar a’zo  hisoblanadi. Mahalliy ta’lim guruhining 2022 yildagi 1-uchrashuvi 29 aprel kuni Toshkentdagi Hilton mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan edi. Unda «Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik fondi» (GPE) hamda 30 ta xalqaro va mahalliy tashkilotlar vakillari bilan ta’lim tizimda olib borilayotgan islohotlar sarhisobi va kelgusidagi istiqbolli rejalarni amalga oshirish yuzasidan davra suhbati o‘tkazilgan.

Mazkur Ta’lim guruhi uchrashuvida Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Britaniya Kengashi (British Council), Amerika Kengashlari (American Councils), UNESCO, UNICEF, JICA, KOICA, USAID kabi xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.  

Uchrashuvda ta’lim guruhining nizomi va tarkibiy bo‘linmalari aniqlandi va guruh a’zolari tomonidan tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ta’lim sohasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim tizimini keyingi yillarda rivojlantirishning yo‘l xaritasini xalqaro va mahalliy hamkor tashkilotlar yordamida ishlab chiqish va uni amalga oshirishda xalqaro moliyaviy institutlarning grant mablag‘larini maqsadli jalb etish bo‘yicha muzokara olib borildi.

Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik fondi (GPE) tomonidan O‘zbekiston uchun ajratilishi mumkin bo‘lgan “System Capacity Grant” va «Multiplier» grant dasturlarini jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.