Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish, tizimli muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan istiqboldagi rejalarni belgilab olishdir.

Mamlakatimizda o‘quvchi-yoshlarning ta’lim-tarbiyasi bo‘yicha ustuvor vazifalar, o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, o‘quvchilarni kasbga o‘qitishni tizimli  hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, maktabdan tashqari ta’lim sifati, “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyati samaradorligini oshirish, kitobxonlik madaniyatini shakllantirish va bu boradagi muammolarning yechimlari, maktablarda o‘quvchilarning qiziqishlari bo‘yicha to‘garaklar ishini samarali tashkil etishga oid dolzarb masalalar atroflicha muhokama etildi.  

O‘quv seminarining navbatdagi ish kunida “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyati samaradorligini oshirish, kutubxonalar faoliyatini zamon talablariga mos ravishda tashkil etish masalalarida taklif mulohazalar bildirildi.  

Ayni paytda mamlakatimizda 219 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyat olib bormoqda. O‘quvchilarda kasb-hunar ko‘nikmalarini shakllantirish, muayyan malaka paydo qilish, ular qobiliyatini to‘g‘ri yo‘naltirish, bo‘sh vaqtini mazmunli va foydali o‘tkazishda bu maktablarning o‘rni alohida. Intiluvchan o‘quvchi yoshlar qamrovini oshirish, ularga qo‘shimcha motivasiya berish, aniq soha — kasbga yo‘naltirishning yangi imkoniyatlarini topish va amaliyotga tatbiq etish tar’lim-tarbiya ishlarining samaradorligi oshishiga xizmat qiladi.

 — Bugungi seminarda “Barkamol avlod” maktablari yo‘nalishlarini zamonaviylashtirish, o‘sha joyning talab, taklif va ehtiyojidan kelib chiqqan holda yangi to‘garaklar tashkil etish, mashg‘ulotlar samaradorligini yanada oshirish, maktablardagi mavjud muammolar, ularning yechimlari bo‘yicha fikr almashildi va bu borada takliflar bildirildi, —  dedi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi maktabdan tashqari ta’limni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Erkin Aminov. —  “Barkamol avlod” maktablarini kelgusida yanada zamonaviy to‘garaklar bilan rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi. Masalan, joriy yilning sentyabr oyidan “Barkamol avlod” bolalar maktablarini 3,5  mingta  tarmoq to‘garaklari tashkil etiladi. Bunda birinchi galda talab va taklif ko‘p bo‘lgan axborot-kommunikasiya texnologiyalari, tarjimonlik kabi yo‘nalishlarga urg‘u beriladi. IT, robototexnika yo‘nalishlarida o‘qituvchi va mutaxassislarni tayyorlash, to‘garaklarning samaradorligini oshirish bilan bir qatorda o‘quvchilarni xalqaro tanlovlardagi ishtirokini ta’minlash maqsad qilingan.

 Tadbirda maktabdagi tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish pedagoglar, ta’lim sohasi mutasaddilari, ota-onalar, keng jamoatchilikning o‘zaro hamjihatlikda va samarali ish olib borishini talab etishi aytib o‘tildi.   

— Ta’lim — millatning taqdirini hal qiladigan tizim. Yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga qaratilayotgan e’tibor,  bu bilan bog‘liq masala va muammolarga o‘z vaqtida yechim topish bugungi kunning muhim vazifasidir, — dedi Respublika bolalar kutubxonasi direktori Doniyor O‘rolov.  —  Maktabdan tashqari ta’lim muassasalarining o‘quvchilarni barkamol shaxs sifatida tarbiyalashdagi o‘rni alohida. Bolalarning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri tashkil etish, kitobxonlik madaniyatini oshirish borasidagi sa’y harakatlar o‘z natijasini berishi shubhasiz.

Tadbir so‘ngida  Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan nashr etilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.