Bugungi shiddatli, globallashuv jarayonida mamlakatimizda taʼlim rivoji yoʻlida sezilarli qadamlar tashlanmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil etilgani taʼlim muassasalaridagi oʻqitish sifati samaradorligini oʻrganish hamda ular reytingini tuzishda muhim ahamiyat kasb etyapti. Oliy taʼlim muassasalarining 2018-yildan qoʻllab kelinayotgan milliy reytingi indikatorlarini ishlab chiqishda dunyoning nufuzli reyting agentliklari — THE, QS hamda ARWU tajribasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻtgan yil noyabr oyida eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra, Navoiy davlat konchilik instituti 2020-yilda 20 dan ortiq indikator boʻyicha mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalarining milliy reytingida 9-oʻrinni egalladi, yaʼni kuchli oʻnlikka kirdi. Bu kabi salmoqli natijalarga erishish, taʼlim sifatini xalqaro talablar darajasiga yetkazish davlatimizning taʼlim sifatiga qaratayotgan eʼtibori va gʻamxoʻrligi evaziga boʻlyapti, desak aslo mubolagʻa emas. Jumladan, Prezidentimizning bu yil 31-martdagi “Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan oldimizga qoʻyilgan vazifalar kadrlar tayyorlash sifatiga mutlaqo yangicha yondashuvni talab etadi. Yaqin kelajakda taʼlim muassasamiz talabalar kontingentining 15 mingga yetkazilishi, ularga dars beradigan oʻqituvchilardan 30 foizining xorijdagi nufuzli taʼlim muassasalaridan jalb qilinishi kabi ulugʻvor maqsadlar jamoamizni ruhlantirdi, yangi fikrlash va ishlash davri kelganini anglatdi.

Yangi universitet huzurida bitta institut, ilmiy texnologiya sanoat parki, 2 ta politexnika hamda 2 ta sanoat texnikumi tashkil etilishi oliy taʼlim dargohining nufuzi va salohiyatini oshirish bilan birga zimmamizga katta masʼuliyat yuklamoqda.

Yoshlarga zamonaviy talablar darajasida bilim berish uchun, tabiiyki, oʻqituvchi-pedagoglar malakasi va mahorati yuqori boʻlishi kerak. Bugun yigit-qizlar ilgʻor fikrlamoqda, nanotexnologiyalarni puxta oʻzlashtiryapti. Darslarni ularning talabiga mos, yuqori saviyada tashkil etish uchun oʻqituvchi har bir mashgʻulotga alohida tayyorgarlik koʻrishi, zamonaviy dunyoqarashga ega boʻlishi zarur. Oliy oʻquv muassasamizda yangi va zamonaviy taʼlim texnologiyalari, oʻquv dasturlarini amaliyotga joriy etish bilan birga, pedagoglarning kasbiy mahoratini izchil oshirib borish asosiy maqsadlarimizdan.

Oʻtgan yili muassasamizning koʻplab professor-oʻqituvchilari Rossiya, Belarus kabi davlatlarning oliy taʼlim muassasalarida malaka oshirdi. Jumladan, noyabr oyida noyob va radioaktiv metall rudalarni qazish va qayta ishlash kafedrasi assistenti Suhrob Hamidov Innovatsion rivojlanish vazirligi yosh olimlar uchun tashkil qilgan stajirovka tanlovi gʻolibi boʻlib, Belarus milliy texnika universitetida bilim va koʻnikmasini oshirdi. Shuningdek, avtomatlashtirish va boshqaruv hamda mashinasozlik texnologiyasi kafedralari tadqiqotchilari Rossiyaning Stankin nomidagi Moskva davlat texnologiya universitetida stajirovkada boʻlib qaytdi.

Bundan tashqari, professor-oʻqituvchilarimizning kasbiy mahoratini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot ishlariga koʻmaklashish maqsadida hududdagi ishlab chiqarish korxonalarida stajirovkalar tashkil etilyapti. Pedagoglar bir oy davomida korxonalardagi texnologiyalarni oʻrganish bilan birga ilmiy tadqiqotlar ham qildi. Shuningdek, ilmiy sohada hamkorlikni mustahkamlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining tarmoq institutlari, Ilgʻor texnologiyalar markazi, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va boshqa yetakchi oliy oʻquv yurtlari bilan tuzilgan shartnomalar asosida muayyan ishlar bajarilyapti.

Oʻquv muassasamizda fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish uchun talabalarning auditoriyada olgan nazariy bilim va koʻnikmalarini amaliyotda mustahkamlash uchun ishlab chiqarish korxonalarida kafedra filiall ari tashkil etilgan. Jumladan, buyurtmachi korxona — Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan tasdiqlangan reja asosida mashgʻulotlar dual tizimda har oʻquv yilida 3-bosqich talabalari uchun ikki marta oʻtkaziladi. Bu tizimning afzalligi shundaki, talabalar ishlab chiqarish amaliyotiga yuborilish oldidan hududdagi ishlab chiqarish korxonalarining faoliyati bilan toʻgʻridan-toʻgʻri tanishadi.

Talabalarning malakaviy amaliyoti NKMK boʻlinmalarida, “Navoiy elektr tarmoqlari”, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi”, “Navoiyazot”, “Elektrkimyozavodi” aksiyadorlik jamiyatlarida, “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi va viloyatning kichik korxonalarida shartnomalar asosida oʻtkaziladi. Buyurtmachi korxonalarning talab va ehtiyojidan kelib chiqqan holda talabalar uzoq muddatli amaliyotga yuboriladi.

Hozir oliy taʼlim muassasasida 29 nafar fan doktori, professor hamda 72 nafar fan nomzodi, dotsent faoliyat koʻrsatyapti. 2022-yil 1-mart holatiga koʻra, professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyati oliygoh boʻyicha 42 foizni tashkil etdi. Biroq bugungi davr muvaffaqiyatlarga suyanib yashashni emas, berilgan imtiyozlardan unumli foydalanib, faoliyatga tanqidiy nuqtayi nazardan baho berib ishlashni talab etmoqda. Shu maʼnoda taʼlim muassasamizda ilmiy pedagog kadrlar tayyorlash boʻyicha 2022-yil oxirigacha moʻljallangan istiqbolli reja ishlab chiqilgan. Bu yil yakunida yana 40 nafarga yaqin tadqiqotchimiz dissertatsiya yoqlashi kutilmoqda.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatini 2026-yilgacha innovatsion rivojlantirish dasturi boʻyicha taʼlim muassasamiz olimlari 52 ta loyiha boʻyicha ishlayapti. 2019-yilda muassasada tashkil etilgan texnoparkda pilot va yarimsanoat qurilmalari oʻrnatilgan. Ishlanmalarni tijoriylashtirish va startap loyihalarni yoʻlga qoʻyish maqsadida qator ishlar amalga oshirilyapti. Bu yil texnopark bazasida taʼlim muassasasining ishlab chiqarish majmuasini bunyod etish, mahsulotlar xilma-xilligini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda ilmiy innovatsion faoliyat dan tushadigan mablagʻ hajmini 10 milliard soʻmga yetkazish rejalashtirilgan.

Oʻrta asrlarda jahonga yuksak darajadagi ilmiy-maʼrifiy salohiyatini namoyon qilgan yurtimiz bugun ham taraqqiyotda quyi oʻrinlarga tushib qolishi mumkin emas. Bu, albatta, ilmiy faoliyatni tubdan isloh qilish va yuksak marralarni belgilab olish orqali amalga oshadi. Sanoat, texnika, texnologiya, muhandislik sohalari uchun oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishni koʻzlagan taʼlim dargohimiz dunyoning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan yaqin hamkorlik qiladi. Xususan, yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalar amalga oshiriladi. Shuningdek, taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik hamda masofaviy taʼlim texnologiyalari, ilmfan, texnikaning yangi yutuqlari joriy etiladi.

Zamonaviy oʻquv va ilmiy laboratoriya bazasini shakllantirish, iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanishi uchun yangi ishlanmalar yaratish, talabalarga taʼlim jarayonida ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishiga shart-sharoit yaratish kelgusidagi asosiy vazifamizga aylanadi. Shuningdek, sanoat tashkilotlari muammolarini yechishga qaratilgan ilmiy, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirish, tadqiqot natijalari va ilgʻor texnologiyalarni amaliyotga joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi.

Oʻquv jarayoniga xalqaro taʼlim standartlarini joriy etish, nazariy bilimning ishlab chiqarish amaliyoti bilan uzviyligini taʼminlash, bitiruvchilarni ish bilan taʼminlashda maqsadli hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi. Talabalarda mustaqil taʼlim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirishga eʼtibor kuchaytiriladi.

Kelgusida ilmiy pedagogik salohiyatni yanada yaxshilash, jumladan, professor-oʻqituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishi nufuzli mahalliy hamda xorijiy oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot markazlarida tashkil etiladi. Universitet huzurida Navoiy davlat konchilik institutining Nukus filiali negizida Nukus konchilik instituti va “Navoiy” ilmiy-texnologiya sanoat parki tashkil etiladi. 2022/2023 oʻquv yilida esa Navoiy davlat pedagogika instituti huzuridagi Karmana xizmat koʻrsatish va servis texnikumi negizida Karmana politexnika texnikumi, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tizimidagi Nurota sanoat-konchilik kolleji negizida Gʻozgʻon politexnika texnikumi, Navoiy davlat konchilik instituti huzuridagi Uchquduq sanoat texnikumi va Zarafshon sanoat texnikumi universitet huzuriga oʻtkaziladi. Mazkur texnikumlarda sanoat, konchilik, metallurgiya, mashinasozlik, qurilish, energetika, elektrotexnika, xizmat koʻrsatish kabi yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Karmana xizmat koʻrsatish va servis texnikumi hamda Nurota sanoat-konchilik kollejida taʼlim olayotgan oʻquvchilar oʻqishni bitirgunlariga qadar mazkur taʼlim muassasalarida amaldagi taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqishini davom ettiradi.

Universitet va uning huzuridagi Nukus konchilik institutiga talabalarni qabul qilish parametrlari har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi doirasida aniqlanadi. Shuningdek, Navoiy davlat konchilik instituti va uning Nukus filiali talabalari oʻqishini tegishliligi boʻyicha universitet va uning huzuridagi Nukus konchilik institutida davom ettiradi.

Hozir oliy taʼlim tizimi uchta maqsadni: taʼlim, tarbiya va innovatsion korporativni hamkorlikda rivojlantirish maqsadlarini koʻzda tutadi. Ayniqsa, malakali kadrlar tayyorlash jarayoni tizimini samarali tashkil etish, uni yuqori bosqichlarga koʻtarish davr talabidir.