Ta'lim tizimi yangi bosqichga ko'tariladi

    Prezidentimizning shu yil 6 noyabrda qabul qilingan “O'zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta'lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni ta'lim tizimini tubdan takomillashtirish va yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Farmonda Xalq ta'limi vazirligi zimmasiga bir qator vazifalar yuklatilgan.

    Xususan, ta'lim tizimining asosi bo'lgan Milliy o'quv dasturini yaratish ana shunday muhim vazifalardan biridir. U avvalgi Davlat ta'lim standartidan tubdan farq qiladi, ko'proq amaliyotga yo'naltiriladi. Mazkur dasturni ishlab chiqishda xalqaro ekspertlar jalb qilinadi va u xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi.

    Farmonda, shuningdek, pedagoglar malakasini oshirish masalasiga ham alohida e'tibor qaratilgan, aniq vazifalar belgilangan. Ayni paytda xalq ta'limi tizimida o'qituvchilar uchun har besh yil, rahbarlar uchun esa har uch yilda malaka oshirish tartibi amal qil­yapti. Bundan buyon ana shu besh yillik muddat qisqarib, kredit-modul` asosida malaka oshirish tizimi yo'lga qo'yiladi. O'qituvchilar malakasini oshirishda nafaqat xalq ta'limi tizimidagi malaka oshirish institutlari yoki markazlari, balki oliy va nodavlat ta'lim muassasalari mutaxassislarini ham jalb etish ko'zda tutilgan.

    Yana bir muhim yangilik shundan iboratki, A. Avloniy nomidagi Xalq ta'limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti negizida Ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi. Institut ta'lim tizimidagi muammolarni o'rganadi va ularni hal etish bo'yicha xalqaro ekspertlar bilan birgalikda takliflar kiritadi.

    Farmonga asosan, umumta'lim maktablari direktorlarini lavozimga ta­yinlash hamda ish beruvchining tashabbusiga ko'ra lavozimidan ozod etish xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Direktor lavozimi bo'shab qolgan maktablarga hududiy xalq ta'limi bosh­qarmalari kiritgan nomzodlar xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari tomonidan tanlanadi. Nomzodlar tanlovda tegishli umumta'lim muassasasi ko'rsatkichlarini 3 yil ichida yuqori darajaga olib chiqish bo'yicha o'z dasturi bilan ishtirok etadi. Tanlangan nomzod hududiy xalq ta'limi boshqarmalari tomonidan direktor lavozimiga tayinlanadi.

    2021 yil 1 yanvardan boshlab olis hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy ma'lumotli mutaxassislarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarida bir martalik boshlang'ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisob­lash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi berilishi belgilandi.

    2021 yil 1 apreldan boshlab Xalq ta'limi vazirligi tizimidagi metodistlarning ish haqi miqdori oliy toifali o'qituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi. YAna bir yangilik: hududiy xalq ta'limi boshqarmalari va tuman (shahar) bo'limi mudirlariga hokimning ta'lim va tarbiya bo'yicha maslahatchisi maqomi beriladi.

    Ayni paytda maktablarni ishonchli boshqaruvga berish masalasida ko'pchilikda “Maktab endi xususiy tadbirkorga o'tib ketadimi?” qabilidagi savollar paydo bo'lmoqda. Yo'q, unday emas. Ishonchli boshqaruv degani shuki, faqat navbatchilik koeffitsienti 0,7 dan past bo'lgan maktablar o'quv sifati va darajasini ko'tarish maqsadida xususiy sektor vakillariga 5 yilga davlat xususiy sheriklik asosida “ishonchli boshqaruv”ga beriladi. Bunda, xususiy tadbirkor maktabning bo'sh turgan binosi yoki bo'sh er maydonidan ta'lim xizmatlarini ko'rsatish uchun foydalanadi.

    Farmonda kasbga yo'naltirish tizimini joriy qilish ham asosiy masalalardan biri sifatida belgilangan. Hozirgi bozor iqtisodiyoti sharoitida maktab bitiruvchilarining qo'lida muayyan kasbi bo'lishi kerak. Chunki oliy ta'lim muassasasiga o'qishga kirolmagan o'quvchilar qaerdadir ishlashi, ro'zg'or tebratishi zarur. Ayni shu maqsadda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mahalliy hokimliklar bilan birgalikda 7-sinfdan boshlab o'quvchilarni kasbga moyilligini aniqlash va ularni yo'naltirish ishlarini amalga oshiradi.

    Farmonning eng muhim jihati va ahamiyati shundan iboratki, u ta'lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, yangi bosqichga ko'tarish, kelajakda farzandlarimizning etuk mutaxassis bo'lib etishishiga zamin yaratadi.

    Sherzod MUHAMMEDOV,

    Xalq ta'limi vazirligi

    boshqarma boshlig'i