Unda Senat a’zolari, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda «Ta’lim to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining umumiy o‘rta ta'limga oid qismining Toshkent shahridagi ijrosi muhokama etildi.

Toshkent shahrida 2020-2021-o‘quv yilida 316 ta maktabda 450,7 mingdan ortiq o‘quvchi ta’lim olmoqda, ularga 23 530 nafar o‘qituvchilar (854 nafari oliy ma’lumotli, 2 963 nafari 1 toifali, 5 898 nafari 2 toifali, 13 815 nafari mutaxassis) ta’lim bermoqda.

So‘nggi ikki yilda shahardagi oliy toifali o‘qituvchilar soni 3,5 foizdan 5,2 foizga, birinchi toifali o‘qituvchilar soni 12,6 foizdan 17,3 foizga oshishiga erishilgan.

Qayd etilganidek, umumta’lim maktablarida davomat, baholash va kundalik yuritishning avtomatlashtirilgan «kundalik.com» tizimi joriy etilib, 24 600 nafar o‘qituvchi va 400 mingdan ortiq o‘quvchining uy vazifalarining bajarilishi yuzasidan onlayn monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Shahardagi maktablarda ta’lim sharoitlarini yaxshilash uchun 2020-yilda davlat byudjetidan 405 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, jami 67 ta ob'ektda qurilish-ta’mirlash ishlari (3 ta yangi qurilish, 5 ta rekonstruksiya, 59 ta mukammal ta’mirlash) amalga oshirilgan, kutubxonalar uchun adabiyotlar, maxsus fan kabinetlari uchun tikuv mashinalari, musiqa asboblari va kompyuter texnikalari xarid qilingan.

Shu bilan birga, majlisda senatorlar hamda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari tomonidan bu borada yechimini kutayotgan muammolar mavjudligi qayd etildi. Jumladan, maktablarni malakali o‘qituvchilar bilan ta'minlash natijadorligi talab darajasida emasligi, ayrim maktablarda birorta ham oliy toifali o‘qituvchilar mavjud emasligi, tuman fan metodistlarining faoliyatini kuchaytirish zarurligi, o‘quvchilarning fanlarni bilish darajasining pastligi, maktablarda o‘quvchilar soni ko‘pligi sababli dars jarayonlari 2,5-3 navbatda tashkil etilganligi ta’kidlandi.

Tadbirda xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi va Qo‘mitaning xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi bilan qo‘shma qarori qabul qilindi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.