баннер
14 Mar 2025
01:55

    Taʼlim va tarbiyada korrupsiyadan holi muhit yaratish eng muhim tamoyildir

    Korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning barcha sohalari rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, taraqqiyotni sekinlashtiradi, davlatni ich-ichidan yemirib, xalqni xonavayron etadi, huquq va manfaatlar buzilishiga sabab boʻladi.

    Bugungi kunda butun jahon miqyosida ushbu jinoyatga qarshi kurashish eng dolzarb masalalardan biriga aylangan. Ayni paytda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning barcha huquqiy asoslari yaratilgan. Bu borada har birimizdan hushyorlik va masʼuliyatlilik talab etiladi.

    Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 5-mart kuni korrupsiyaning oldini olish boʻyicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilishda “Korrupsiyaga qarshi kurashda barchamiz yagona kuch boʻlib harakat qilsak, albatta, yanada katta ijobiy samaraga erishamiz” degan gaplarida ulkan maʼno mujassam.

    Darhaqiqat, korrupsiya bor joyda haqiqat va adolat boʻlmaydi. Hech qaysi bir sohaning rivojlanishiga, oldimizga qoʻygan maqsadimizga erisha olmaymiz. Korrupsiya – qonunning qoʻpol ravishda buzilishidir. Korrupsiyaga yoʻl qoʻyganning kuni qisqa.

    Korrupsiya darajasining yuqoriligi mamlakatning xalqaro miqyosda obroʻsini tushiradigan, investitsiyaviy muhitga salbiy taʼsir koʻrsatadigan omildir. Shu bois korrupsiya bilan murosa qilib boʻlmaydi.

    Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, odamlar bolasini maktab yoki bogʻchaga joylashtirishda sarson boʻlgan, ishini “boshqa yoʻllar” bilan hal qilishga toʻgʻri kelgan edi. Bundan 7-8-yil avval oliygohlarga oʻqishga kirishda “tanish-bilishchilik” avj olgan edi. Soha raqamlashdi, imtihonlar onlayn translyatsiya boʻlyapti. Avval test topshirib, toʻplagan balliga qarab, keyin oliygohni tanlash tizimi joriy qilindi. Oliy taʼlimda 35 turdagi hujjatlarni inson omilisiz olishga oʻtilgani uchun sohadagi murojaatlar 2,2 baravar kamaydi.

    Yigʻilishda mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikni qadrlash, kechagi kun bilan bugungi kunni farqini yaxshi tushunish, mahallada, toʻy-maʼrakada ortiqcha isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik, halollik va shukronalik bilan hayot kechirishni tushuntirish ishlari boʻyicha jamiyatimizda yaxshi tajribalar yetishmasligi qayd etildi. Yana bir muhim tomoni, maktab direktorlari “Tarbiya” fani doirasida oʻgʻil-qizlarimizga halollik, birovni haqiga xiyonat qilmaslik kabi ezgu gʻoyalarni sodda tilda tushuntirib borishi kerakligi taʼkidlandi.

    Muhtaram Prezidentimizning Oliy taʼlim muassasalari Rektorlariga talaba va yoshlarning korrupsiyaga qarshi loyihalari, startap va innovatsion tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash tizimini yoʻlga qoʻyishi zarurligi yuzasidan berilgan topshiriqlaridan kelib chiqib, masʼul mutasaddilar bilan amalga oshirishimiz lozim boʻlgan aniq maqsad va rejalarni belgilab oldik.

    Universitetda bugungi kungacha korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha koʻplab tadbirlar amalga oshirildi. Bularning barchasi sobiq institutning hamma xodimlarini, shu jumladan professor-oʻqituvchi tarkibini attestatsiya qilinishidan boshlandi. Natijada, professor-oʻqituvchi tarkibi saralanib, oʻz navbatida, universitet, asosan xorijda tahsil olgan istiqbolli yosh kadrlar bilan toʻldirildi. Shuningdek, «Korrupsiyasiz taʼlim« yoʻlga qoʻyilib, bunda asosiy omil ustoz-shogird oʻrtasida sogʻlom muhit yaratilishiga, ochiqlik va shaffoflikka katta eʼtibor qaratildi. Rahbar va yoshlar uchrashuvi doimiy ravishda oʻtkazilib, individual murojaatlar bilan ishlashning yangi tizimi yaratildi.

    Umuman, davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, “korrupsiya – kelajakka tahdid” degan gʻoya asosida Yangi Oʻzbekiston yoshlari qalbidan joy oladigan tizim yaratishimiz, korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarashimiz lozim. Davlatimiz farovonligi, xalqimizning ertangi kuni, kelajagimiz yoʻlida bir maqsad sari birlashsakkina bu illatning ildizini quritishga erisha olamiz. Barchamiz korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga qarshi kurashishni avval oʻzimizdan boshlashimiz, bunga qarshi maʼnan va huquqiy tayyorlanishimiz zarur. Har birimiz qoʻrqmasdan oʻz huquqimizni toʻlaqonli amalga oshirsak, qonun buzilishiga yoʻl qoʻymasak, loqayd va befarq boʻlmasak, oʻz majburiyatimizni sidqidildan bajarsak nafaqat korrupsiyaga, balki har qanday jinoyatga mukammal qarshi kurashish imkoniyatimiz yuzaga keladi.

    Xudoynazar Yunusov,

    Samarqand davlat veterinariya meditsinasi,

    chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti

    rektori, professor.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech