Ta’lim va tibbiyot muassasalariga transyog‘, tuz va shakar miqdori ko‘p bo‘lgan mahsulotlarni sotish taqiqlanadi

    Ta’lim va tibbiyot muassasalariga transyog‘, tuz va shakar miqdori ko‘p bo‘lgan mahsulotlarni olib kirish, tayyorlash va ularni sotish butunlay cheklanadi.  Bu haqda "O‘zbekiston — 2030" strategiyasida qayd etildi.

    Unga ko‘ra, yurtimizda kelgusi 7 yil davomida har yili 55 va undan katta yoshdagi aholini 100 foiz tibbiy profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish va sog‘lomlashtirishga katta urg‘u beriladi.

    Shuningdek, 40 va undan yuqori yoshdagi aholi orasida jismoniy faol aholi ulushini 2 barobar oshirish belgilangan.

    Fuqarolar o‘rtasida to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish borasida quyidagilar ko‘zda tutilmoqda:

    - 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida bo‘y o‘sishining kechikishi mavjud bo‘lganlar, vazn yetishmasligi va ortiqcha vaznga ega bo‘lganlar ulushini 2 barobarga kamaytirish;

    - Ta’lim va tibbiyot muassasalariga tarkibida transyog‘, tuz va shakar miqdori ko‘p bo‘lgan mahsulotlarni olib kirish, tayyorlash va ularni sotishni butunlay cheklash.

    Shuningdek:

    - me’yoridan ortiq tuz iste’mol qiladigan aholi ulushini 32 foizga;

    - yetarlicha jismoniy faollikka ega bo‘lmagan aholini 22 foizga;

    - ortiqcha vaznga va semizlikka ega katta yoshdagi aholini tegishlicha 32 foiz va 23 foizga kamaytirish mo‘ljallangan.