Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan so‘zlagan nutqida 2026 yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida oldimizda turgan 5 ta asosiy vazifaga to‘xtalar ekan, “Ta’lim sohasida farzandlarimiz zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashlari uchun eng qulay sharoitlar yaratishni izchil davom ettiramiz”, dedi.
So‘nggi yillarda yoshlar zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi uchun ta’lim tizimi tubdan isloh qilindi. “Uzluksiz ma’naviy tarbiya” konsepsiyasi asosida Vatanga muhabbat, azaliy qadriyatlarimizga hurmat, kattalarga e’zoz, bag‘rikenglik kabi tushunchalar bolalar ongi va qalbida maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanish davridan shakllantirila boshladi.
Shu bilan birga, “zamonaviy maktab” ta’lim konsepsiyasi asosida mazmunan mutlaqo yangi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularda mamlakatimizning barcha hududi, jumladan, olis mahallalardan eng iqtidorli va iste’dodli bolalar saralanib, o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar bilan tizimli ishlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida barcha o‘quv dargohlaridagi yoshlar balansi shakllantirildi. Bu joylardagi holatni bilish, muammolarni aniqlash, o‘z vaqtida to‘g‘ri qarorlar qabul qilish, ehtimoliy muammoli vaziyatlarni taxmin qilish va oldini olish hamda yoshlar bilan ishlash tizimini muvofiqlashtirib borish, faoliyat samaradorligini baholashga xizmat qiladi.
Bugungi kunda 9,8 million yosh ta’lim-tarbiya olmoqda. Bu mamlakat aholisining qariyb uchdan bir qismini, 30 yoshgacha aholining esa yarmidan ziyodini tashkil qiladi. Jumladan, 1 million 957 ming nafar bola maktabgacha ta’lim tashkilotlarida, 6,5 million nafar o‘quvchi maktablarda, qariyb 403 ming nafar o‘g‘il-qiz o‘rta maxsus professional ta’lim tashkilotlari (kasbhunar maktabi, kollej, texnikum, lisey)da, 967,7 ming nafari esa oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda.
Mazkur raqamlar yoshlar siyosatida ta’limning o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatib turibdi. O‘quv muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarning muammolarini hal qilish, iste’dod va qobiliyatini aniqlash hamda yuzaga chiqarish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ma’naviyatini yuksaltirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida barcha ta’lim dargohlarida yoshlar bilan shug‘ullanadigan mas’ul rahbarlar lavozimi joriy etildi.
Xususan, barcha maktablarda direktorning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, davlat oliy o‘quv yurtlarida yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor hamda xususiy va xorijiy OTMlar filiallarida rektorning yoshlar orasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga mas’ul maslahatchisi lavozimi joriy qilindi.
36 ta oliy ta’lim muassasasiga akademik va moliyaviy mustaqillik berilib, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, kontrakt asosidagi qabul parametrlarini belgilashni mustaqil hal etish imkoniyati yaratildi. Shu bilan birga, talabalarga stipendiya tayinlash va to‘lashning yangi tizimi joriy etilib, har bir oliygohda “Talabalarni rag‘batlantirish” jamg‘armasi tashkil qilindi.
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilishda qizlar uchun alohida davlat grantlari asosidagi qabul ko‘rsatkichi ajratildi. 2021 yildan esa ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat granti 2 barobar oshirildi. Natijada 5 ming nafardan ortiq qiz oliy o‘quv yurtlarining bakalavriat bosqichida davlat byudjeti asosida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash borasida O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlarga o‘rnak bo‘layotgan yana bir noyob tajribasi — barcha qizlarning oliy ta’lim magistratura bosqichidagi o‘qishi to‘lovi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi bo‘ldi.
Yoshlar ishlari agentligiga yoshlardan kelib tushayotgan murojaatlar orasida ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir yigit-qizlarning professional va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish uchun to‘lov-shartnoma summasining bir qismini to‘lab berish bo‘yicha iltimosi ikkinchi o‘rinda turibdi. Shundan kelib chiqib, davlatimiz rahbari bunday talabalarga “Yoshlar daftari” orqali mahalladagi yoshlar yetakchisi tomonidan ko‘maklashish tizimini yo‘lga qo‘yishga topshiriq berdi.
Natijada hozirga qadar 45 ming 181 nafar talabaning o‘qishi uchun 142,9 milliard so‘m to‘lovshartnoma mablag‘i “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan qoplandi. Bundan tashqari, talabalarga to‘lovshartnoma asosida tahsil olish uchun imtiyozli ta’lim kreditlari ajratishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Bugun davlat yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun barcha sharoitni yaratmoqda. Bunday yuksak ishonchni oqlash, qadrlash, yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish va natijada mamlakatimiz taraqqiyotiga bilimi va mehnati bilan hissa qo‘shish har bir o‘zbekistonlik yigitqizning farzandlik burchidir.
Dilnozaxon KATTAXONOVA,
Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari,
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori