Seminar-trening Vazirlar Mahkamasi huzuridagi taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Navoiy viloyati hokimligi, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi hamda Finlyandiyaning Xelsinki universitetlari hamkorligida tashkil etildi.

Seminarda Xelsinki universiteti professorlari, xalqaro trenerlar: Hanny Koli xonim va 20 dan ortiq mamlakatlarning oliy taʼlim sohasining K 12 boʻlimida oʻqituvchi xizmati sohasida trener boʻlib ishlagan Petry Lounaskorpi janoblari oʻzining tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

— Finlyandiyada taʼlimdagi oʻqitish metodikasi “startdan finishgacha” tamoyiliga asoslangan ekan, — deydi Navoiy viloyat XTB xorijiy tillarni oʻqitish boʻlimi metodisti Gulmira Saʼdullayeva. — Yaʼni ularda “qoloq oʻquvchi” degan qarashning oʻzi yoʻq. Mavzuni tushunib olmaguncha oʻquvchi bilan shugʻullanishadi, bunda muayyan vaqt belgilanmaydi. Shuningdek, oʻqitish totalitar uslubda emas, balki 50x50, yaʼni interfaol uslubda amalga oshiriladi. Eng muhimi, oʻquv metodik qoʻllanmalari har yili yangilanib, darsliklarni tayyorlashda oʻqituvchilar bevosita ishtirok etar ekan.

Seminar treningda Navoiy viloyatidan 60 nafar, Qashqadaryo viloyatidan 2 nafar Sirdaryo viloyatidan 3 nafar mehmonlar ishtirok etgan boʻlsa Samarqand shahrida oʻz ishini boshlagan Samarqand davlat universitetining Oʻzbekiston-Finlyandiya pedagogika institutini kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi.