“Biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustunlari boʻlib xizmat qilishi lozim”, dedi Prezidentimiz.

Darhaqiqat, bugun oldimizga qoʻyayotgan yuksak maqsadlarimizga erishishda taʼlim-tarbiya masalasi muhim hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Har bir soha rivojining poydevorida munosib va sifatli taʼlim yotadi, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan kadrlar turadi. Shu bois Murojaatnomada taʼlim-tarbiya tizimining eng quyi boʻgʻinidan tortib ilmiy kadrlar tayyorlash jarayonlariga qadar qilinishi kerak boʻlgan vazifalarga eʼtibor qaratildi.

Jumladan, davlatimiz rahbari oliy taʼlimning qamrovi va sifatini oshirish masalasiga toʻxtalib, 2021-yildan boshlab oliy taʼlimga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshirilishini taʼkidladi. Bu barcha ota-onalarni, oʻqish istagini diliga tugib qoʻygan oʻgʻil-qizlarimizni juda quvontirdi. Abituriyentlarga yana-da katta kuch-gʻayrat, shijoat bagʻishladi. Albatta, oʻziga ishongan, bilimi mustahkam yoshlar davlat granti asosida taʼlim olish imkonini qoʻlga kiritishi shubhasiz.

Ayniqsa, Prezidentimizning oliy oʻquv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar sonini 2 barobarga koʻpaytirib, 2 mingtaga yetkazish, aʼlo baholarga oʻqiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etish tashabbusi minglab qizlarimizga keng imkoniyatlar eshigini ochadi.

Koʻplab qizlar zamonaviy bilimga ega, oliy taʼlimda oʻqishni davom ettirish, jamiyatda oʻz oʻrnini topish istagida boʻlsada, oilaviy sharoiti tufayli bu istaklarini amalga oshirishga qiynalishadi. Yoxud bu kabi orzular bir umr orzuligicha qoladi. Endilikda esa ehtiyojmand oilalar qizlari uchun oliy taʼlim olish imkoniyati ikki barobar oshdi.

Prezidentimizning ushbu Murojaatnomasi barchamizni ana shunday ulugʻvor maqsadlar sari ruhlantirgani barobarida yurtdoshlarimiz tomonidan keng oʻrganilmoqda. Uning ahamiyati, mamlakatning kelgusidagi taraqqiyotida tutgan oʻrni borasida bildirilayotgan oʻtkir fikr va mulohazalar ushbu hujjatning nechogʻli mukammalligi hamda dolzarbligini namoyon etadi.

Bundan tashqari, bugun yurtimizning har bir hududida Prezidentimiz Murojaatnomasini chuqur oʻrganish va unda belgilab berilgan maqsad-vazifalar ijrosini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, Toshkent davlat yuridik universiteti jamoasi ham bu borada muayyan saʼy-harakatlarni amalga oshirishmoqda.

Professor-oʻqituvchilar, talabalar muntazam ravishda ommaviy axborot vositalarida turli chiqishlar qilib, parlamentga Murojaatnomaning mazmun-mohiyati, ahamiyati, undan kelib chiquvchi vazifalar xususida oʻz pozitsiyasini bildirmoqda. Oldimizda esa Murojaatnomada koʻrsatib oʻtilgan muhim maqsadlarni amalga oshirish vazifasi turibdi.

Dilsoʻz ZOYIROVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti

xorijiy tillar kafedrasi oʻqituvchisi