Forumda Oʻzbekiston taʼlim tizimida xorij tajribasini joriy qilish, kredit-modul tizimi afzalliklari, uni joriy etishdagi muammolarni bartaraf qilish haqida fikrlar, taklif va mulohazalar bildirilmoqda.

Tadbirda soʻzga chiqqan Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxoʻja oʻz fikrlari bilan boʻlishdi.

«Yangi universitetlarga osonroq. Buni tasdiqlayman, yangi universitetda ishlash osonroq. Chunki 100-yillik tarixga ega universitetlarda oʻziga yarasha muhit boʻladi, u joyda ishlayotgan odamlarni sindirib tashlolmaysiz, avlodlar konflikti boʻladi — shu kabi muammolar.

Yangi universitetlarda ham qogʻozbozlik, yugur-yugur kabi qiynaydigan muammolar bor, lekin bizni qutqaradigan narsa bu kredit-modul tizimi. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti ushbu tizimga oʻtdi.

Bizda hozir kontrakt uchun 8 mln soʻmni koʻp deb hisoblashadi, lekin bola yaxshi taʼlim olishi uchun 8-10 mln soʻm yaxshi deb hisoblayman. Bilamizki, xususiy taʼlim maktablari bor, u yerda bir oyda 3.5-4 mln soʻmgacha toʻlanadi. Hatto shunday bogʻchalar bor. Nega endi professorlar dars beradigan joyda 8 mln soʻmni ayaymiz. Agar biz taʼlimdan pulni ayaydigan boʻlsak, bu kelajagimizga bolta urish.

Bugun oliy taʼlim uchun nafaqat universitetlar, rektorlar, professorlar, balki xalqimizning ham dunyoqarashi oʻzgarishi kerak. Xalqimiz oʻz pulini faqat uy qurishga, toʻy oʻtkazishga emas, balki bolasi tarbiyasiga, taʼlimiga ham ajratishi zarur. Koʻpchilik taʼlim va tarbiyani maktab yoki universitet beradi, deb oʻylaydi. Bu ham notoʻgʻri tasavvur.

Qotib qolgan stereotiplarni yengish uchun baʼzida tashqi dunyoga chiqib turish kerak. Qozoq universitetlari misolida oʻzim uchun katta oʻrnak oldim. Universitetlarda shunday xonalar qilinganki, bunga faqat davlat emas, xususiy kompaniyalar, tadbirkorlar, xorijiy davlatlar yordam bergan, ularga laboratoriyalar ajratilgan. Bizda ham hamma narsaga universitetlarning puli yetmaydi. Lekin jamoatchilikni, biznes vakillarini jalb qilishimiz mumkin», dedi Sherzodxon Qudratxoʻja.