Belgilangan strategik maqsadni amalga oshirish, mamlakatimiz taraqqiyotini yangi, yuqori bosqichga koʻtarishda taʼlim sohasini ham muhim oʻrin tutadi. Zero, taʼlim va tarbiya masalasi har qanday jamiyat rivojining ustuvor yoʻnalishi sanaladi. Xalqimizning asosiy tayanchi va suyanchi boʻlgan yoshlarga bilim berayotganimizdan, yuqori bilim va malakaga ega boʻlgan, raqobatdosh kadrlar tayyorlashga yoʻnaltirilgan oliy taʼlim sohasida mehnat qilayotganimizdan faxrlanamiz.

Darhaqiqat, keyingi besh yilda oliy taʼlimga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, joriy yilda 182 ming nafardan ziyod yoshlar uchun talaba boʻlish imkoniyati yaratildi va umumiy qamrov 4 yil avvalgi 9 foizdan 28 foizga yetkazildi.

2016-yili Oʻzbekistonda oliygohlar soni 77 ta boʻlgan boʻlsa, 2021-yilda 141taga yetkazildi. Mamlakatimizda 2030-yilga qadar maktab, litsey va kollej bitiruvchilarini oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 50 foizga yetkazish rejasi bu borada yanada katta ishlar amalga oshirilishini anglatadi. Xususan, fakultetimizdagi talabalar soni soʻnggi 4 yil davomida 3 barobarga oshib 4000 nafarga yaqinni tashkil etmoqda. Bu oʻz navbatida yoshlarning chet tillarini oʻrganishga boʻlgan qiziqishi va talabning oshganligi bilan ham izohlanadi.

Xorijiy tillarni puxta egallagan, tanlangan soha boʻyicha yetarli bilim, malaka va koʻnikmaga ega kadrlarni tayyorlash maqsadida avvalo talabalarga dars beradigan professor- oʻqituvchilar tarkibini iqtidorli yoshlar va tajribali ustozlar hisobiga kengaytirishga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz. Shu maqsadda yangi oʻquv yilining oʻzida 25 nafar magistraturani tamomlagan va chet tilini bilish darajasi yuqori boʻlgan yoshlar ishga qabul qilindi. Shu bilan birga, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya singari mamlakatlarning yurtimizdagi elchixonalari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Natijada hozirda fakultetda 3 nafar xorijlik tajribali professor –oʻqituvchilar faoliyat olib borayotgan boʻlsa, oʻquv yili davomida 2 hafta va 1 oylik muddatga ishlash uchun keladigan 10dan ziyod chet ellik lektorlarning kelishi kutilmoqda.Bir qator professor-oʻqituvchilarimiz esa xorijning nufuzli oliy oʻquv yurtlarida malaka oshirib qaytdilar.

Bir soʻz bilan aytganda, oliy taʼlim sohasidagi kamtarin mehnatimiz bilan demokratik oʻzgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlargahissa qoʻshayotganligimizdan faxrlanamiz.

Abdugʻofir Qosimov,

Fargʻona davlat universiteti

Chet tillari fakulteti dekani

filologiya fanlari doktori, professor