2020-yil 25-dekabr taxminan soat 00:30 da Qashqadaryo viloyati Kitob tumani «Zilolbuloq» koʻchasida yashovchi Oybek ismli fuqaro IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda «Shaxrisabzfarm» MCHJga qarashli boʻlgan “Damas” rusumli avtomashinani Boysun tumani “Munchoq” mahallasi hududidan oʻtuvchi “M-39”-yoʻlining 1 360 kilometrida boshqarib ketayotgan vaqtida, «Cobalt” avtomashinasida boʻlgan 2 nafar nomaʼlum shaxslar avtomashinani toʻxtashib, u eshiklarni qulflab olgani sababli avtomashina oynalarini sindirib, zoʻrlik ishlatib, 32 500 000 soʻm va 700 dollar pul mablagʻlarini tortib olib ketganligini bildirib, ularga nisbatan chora koʻrishni soʻragan.
Mazkur holat yuzasidan Boysun tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi «g» bandi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.
Tergov harakatlari natijasida jabrlanuvchining murojaatida koʻrsatilgan jinoiy holat sodir etilmagani, u avtomashinada MCHJga tegishli boʻlgan pul mablagʻlarini oʻzlashtirib olish maqsadida talonchilik holatini toʻqib chiqarganligi va avtomashina oynalarini oʻzi sindirib pul mablagʻlarini yashirib qoʻygani, u IIBga jinoyat sodir etilganligi haqida yolgʻon xabar berganligi aniqlangan.
Tergov jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi JKning 166-moddasi 2-qismi «v» bandidan (talonchilik) Oʻzbekiston Respublikasi JKning 237-moddasi 1-qismiga (yolgʻon xabar berish) qayta malakalanib, oʻsha kuni fuqaro Oybekning koʻrsatmalari hodisa sodir boʻlgan joyda tekshirilib, tekshiruv davomida Oybekning oʻzi bekitib qoʻygan pul mablagʻlari ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olinib, Oybek ismli fuqaro Oʻzbekiston Respublikasi JKning 237-moddasi 1-qismi bilan gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.