Tamaddun, maʼnaviy yuksalish va maʼrifat sari – umummilliy harakatlar samarasi

    Islom sivilizatsiyasi markazida “Tamaddun, madaniyat va maʼrifat” mavzusida respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida tashkil etilgan ushbu anjumanda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, turli ilm-fan muassasalari, ijodiy va taʼlimiy tashkilotlar, soha mutaxassislari ishtirok etdi.

    Bu kabi tadbirlarning tashkil etilishi mamlakatda ilm, maʼnaviyat va maʼrifat davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida qaralayotganidan dalolat beradi. Seminar Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyatini yanada rivojlantirish hamda uni maʼnaviy-maʼrifiy taʼlim maskani sifatida shakllantirish maqsadida oʻtkazildi.

    Joriy yil 29-yanvar kuni davlat rahbari ushbu markazga tashrif buyurib, uning bunyodkorlik ishlari bilan bir qatorda, unda amalga oshiriladigan ilmiy va innovatsion yoʻnalishlar bilan ham yaqindan tanishgan edi. Prezidentimiz markazning ichki mazmuni uning meʼmoriy qiyofasiga mos boʻlishi kerakligini taʼkidlab, uni maʼrifiy va ilmiy jihatdan boyitish yuzasidan aniq vazifalarni belgilab berdi. Shu asosda 11-mart kuni markaz Vasiylik kengashining yigʻilishi oʻtkazilib, “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi.

    Bu konsepsiya “Islomgacha boʻlgan davr”, “Qurʼoni karim zali”, “Birinchi va Ikkinchi Renessans”, “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans asosi” kabi yoʻnalishlarni qamrab olgan boʻlib, 800 dan ziyod ilmiy va innovatsion gʻoyalar shakllantirildi. Ularni hayotga tatbiq etish uchun maxsus guruhlar tashkil etildi. Hozirgi kungacha 300 dan ortiq yigʻilish va 18 ta ilmiy kengash muhokamalari amalga oshirildi. Shuningdek, 2000 dan ziyod mahalliy va xorijiy mutaxassislar, xususan, olimlar, rassomlar, dizaynerlar va hunarmandlar ushbu jarayonda faol qatnashmoqda.

    Seminar doirasidagi maʼruzalar va fikr almashinuvlar markaz faoliyatining yangi bosqichini belgilashda mustahkam asos boʻlib xizmat qildi. Tadbir ishtirokchilari tomonidan bildirilgan taklif va gʻoyalar ekspozitsiyalarni yaratishda keng qoʻllanilishi kutilmoqda. Mutaxassislar Islom sivilizatsiyasining jahon ilm-faniga qoʻshgan ulkan hissasi, ulugʻ mutafakkirlar merosi va bu boylikning zamonaviy taʼlimdagi ahamiyati borasida atroflicha fikr yuritishdi.

    Shubhasiz, bunday keng qamrovli tashabbuslar orqali Islom tamaddunining boy ilmiy va madaniy yutuqlari chuqur oʻrganiladi, shu asosda esa yangi avlodning maʼnaviy va intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi strategik maqsadlar shakllanadi. Shu jihatdan, ushbu anjumanda muhokama etilgan taklif va ilmiy yondashuvlar markazni nafaqat mamlakatimiz, balki butun musulmon dunyosida yetakchi ilmiy-maʼrifiy muassasaga aylantirishda muhim poydevor boʻladi.

    Markazning asosiy vazifalaridan biri – yoshlar qalbida milliy va umumbashariy qadriyatlarga sadoqatni shakllantirish, ularni bilim va maʼnaviyat olamiga boshlab kiritishdir. Ushbu keng koʻlamli loyiha Oʻzbekiston yangi Renessans sari intilayotganini, maʼrifiy yuksalish sari qatʼiy odimlayotganini yaqqol namoyon etmoqda.

    Xulosa qilib aytganda, “Tamaddun, madaniyat va maʼrifat” mavzusidagi bu ilmiy-amaliy anjuman Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy oʻzgarishlar mantiqiy davomi sifatida, milliy ildizlarga tayangan holda, kelajakni barpo etish yoʻlida muhim qadam boʻlib xizmat qiladi.


    Xumora TOSHMURODOVA,

    Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti

    xalqaro jurnalistika yoʻnalishi talabasi


    Hamkorlik materiali