Yurtimizda Navroʻz ayyomi shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Buxorodagi “Sitorai mohi xossa” sanatoriysi yaqinida yana bir dam olish va sogʻlomlashtirish maskani qayta qurilib, foydalanishga topshirildi, deb xabar bermoqda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi matbuot xizmati.
Viloyat urush va mehnat faxriylarining taʼmirtalab ahvolga tushib qolgan shifoxonasi oʻrnida qad rostlagan, yuz oʻringa moʻljallangan mazkur ikki qavatli binoni bunyod etish uchun 15,5 milliard soʻm mablagʻ sarflandi. Zarur anjomlar, tibbiy tashxis apparatlari keltirildi.
Yangi, zamonaviy, har tomonlama qulayliklarga ega boʻlgan ushbu sanatoriyni foydalanishga topshirish marosimida viloyat hokimining oʻrinbosari M.Hamroyev, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi xodimlari, jamoatchilik vakillari, mehnat faxriylari va viloyat mutasaddilari ishtirok etdi.
Keng jamoatchilik vakillari hamda nuroniylarning duolari bilan alvon lenta kesildi. Shundan soʻng bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi.
Muassasa suyak-mushak, boʻgʻim, umurtqa pogʻonasi, asab, ovqat hazm qilish tizimi, endokrin, stomatologik va yuqori nafas yoʻli kasalliklari profilaktikasi va davolashga moʻljallangan. Ertalabki badantarbiya uchun alohida zal mavjud boʻlib, zarur anjom-uskunalar bilan taminlangan.
Davolovchi jismoniy mashgʻulotlar xonalari, basseyn va suv muolajalari, sport-sogʻlomlashtirish burchaklari, shifobaxsh vannalar, fizioterapiya, igna bilan davolash, uqalash, stomatolog xonalari bor. Parafin-ozokerit bilan davolash boʻlimlari va fitobarlar doim dam oluvchilar xizmatida.
Muolajalardan boʻsh vaqtlarda dam oluvchilar bogʻda toza havoda sayr qilishlari yoki televizor koʻrishlari, stol tennisi, shaxmat-shashka bilan shugʻullanishlari mumkin. Oʻnga yaqin oliy maʼlumotli, malakali shifokor va oʻttizdan ziyod oʻrta tibbiyot xodimi mehnat faxriylari sogʻligʻiga kamarbasta.