Qamchibek Kenja 1946 yili Andijon viloyatining Izboskan tumanida tug‘ildi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning avval jurnalistika, so‘ng filologiya fakultetlarida tahsil oldi.
Mehnat faoliyatini “O‘zbekiston madaniyati” (hozirgi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”) gazetasida boshlab, keyin Izboskan tumani “Paxtakor” gazetasida adabiy xodim, bo‘lim mudiri bo‘ldi, maktablarda o‘qituvchilik qildi.
1980 yildan esa O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi badiiy adabiyotnitarғib etish byurosining Andijon viloyatidagi vakili sifatida ish yuritdi.
1983 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi nasr kengashida adabiy maslahatchi lavozimida faoliyat ko‘rsatdi.
1985–2006 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limining mas’ul kotibi bo‘ldi. Shu bilan birga, 1996–2015 yillarda “Xolis” ijtimoiy-ma’rifiy gazetasiga bosh muharrirlik qildi.
Qamchibek Kenja Bobur nomli xalqaro ekspeditsiya a’zosi sifatida Boburiylar va boshqa buyuk ajdodlarimiz izidan Afg‘oniston, Eron, Pokiston, Hindiston, Bangladesh, Turkiya, Suriya, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Iroq kabi mamlakatlar bo‘ylab ijodiy safarlarda bo‘ldi.
Shoir va adibning turli yillarda 30 dan ziyod she’riy va nasriy asarlari, sayohatnomalari chop etilgan.
Unga 2014 yilda Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universitetining faxriy professori ilmiy unvoni berildi.
Qamchibek Kenjaning el-yurt taraqqiyoti, adabiyot rivoji uchun qilgan xizmatlari davlatimiz tomonidan yuksak e’tirof etilgan. U "Shuhrat" medali, "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi", "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi" faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.