Taniqli aktyor Farhod Mahmudov bilan VGIKda oʻzbek talabalari uchun kurs boʻyicha memorandum imzolandi

    Madaniyat 23 Noyabr 2020 863

    Bugun “Oʻzbekkino” Milliy agentligida Farhod Mahmudov bilan Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK)da oʻzbekistonlik talabalar uchun alohida kurslar boʻyicha memorandum imzolandi.

    Oʻzbek talabalari uchun tashkil etiladigan ijodiy ustaxonaga Farhod Mahmudov rahbarlik qiladi. Endilikda 15 nafar yosh kinoijodkorlar Butunrossiya davlat kinematografiya institutida tanlov asosida bepul oʻqish imkoniyatiga ega boʻlishadi.

    Joriy yilning 20-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekfilm” studiyasiga tashrifi davomida mahoratli kadrlarni yetishtirib chiqarish uchun Oʻzbekistonda kino taʼlimini yoʻlga qoʻyish, kinoakademiyani tashkil etish alohida qayd etildi. Shuningdek, Butunrossiya davlat kinematografiya institutida oʻzbekistonlik talabalar uchun alohida kurs tashkil etish boʻyicha tashabbus qoʻllab-quvvatlandi.

    Aktyor Farhod Mahmudovning bildirishicha uzoq tanaffusdan soʻng oʻzbek yoshlarining MDHda eng nufuzli kino oliygohida oʻqitilishi Oʻzbekiston kinosi uchun ijobiy turtki boʻladi:

    “Prezident bilan uchrashuvda aynan shu taklifni ilgari surganimda davlat rahbari buni ijobiy qabul qilib, nafaqat kurs, balki ushbu taʼlim muassasasining Oʻzbekistonda fakulteti tashkil qilinishi zarurligini ham bildirdi. 30-40 yillar ilgari milliy ijodiy ustaxonalar VGIKda mavjud edi. Biroq keyinchalik bu amaliyot toʻxtatildi. Oqibatda, oʻzbekistonlik kinoijodkor yoshlar uzoq muddat yuqori darajadagi kino taʼlimiga ega boʻla olishmadi. Oʻzbekistondan talabalar paydo boʻlayotgani va buni hukumat qoʻllab-quvvatlayotgani quvonarli hol. Ushbu talabalar oʻqishni bitirib kelib, oʻzbek kinosi rivojiga munosib hissa qoʻshishlariga ishonaman. Oʻz oʻrnida men ham oʻz tomonimdan ushbu yoshlar sifatli taʼlim olishlari uchun qoʻlimdan kelgan ishni qilaman. Ularni qoʻllab-quvvatlashga harakat qilaman. Prezident bu taklifni maʼqullagani va ishonch bildirgani men uchun ulkan masʼuliyat”, deya fikrini yakunladi aktyor Farhod Mahmudov.

    Eslatib oʻtish joizki, joriy yilda 7 nafar oʻzbekistonlik yoshlar ushbu oliygohga ilk bora qabul qilindi. MDH mamlakatlari ishlari boʻyicha Rossiya federal agentligi (Rossotrudnichestvo) koʻmagi bilan ushbu talabalarning shartnoma pullari, turar-joy va isteʼdodli talabalarga stipendiyalar “Oʻzbekkino” tomonidan toʻlab berilishi maʼlum qilingan edi. Endilikda esa nufuzli kinematografiya institutida oʻzbek talabalari uchun alohida kurslar tashkil etilmoqda.

    “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati