Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 20-avgust kuni mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvda Samarqand viloyatida yosh tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, bu borada viloyatda oʻziga xos tajriba yaratish boʻyicha topshiriq bergan edi.
Ushbu topshiriqdan kelib chiqib, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev boshchiligidagi respublika ishchi guruhi Samarqandda boʻlib, yosh tadbirkorlar, viloyat rahbarlari bilan uchrashdi.
Jumladan, Urgut tumanida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasiga kirgan korxonalar, yosh tadbirkorlarning faoliyati bilan tanishuv chogʻida bir qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
“Urgut sanoat servis” oilaviy korxonasi, “Urgut micro metal” hamda “SN GROUP” korxonalarini boshqarayotgan, ushbu maskanlarda mehnat qilayotgan yoshlar Samarqandni yosh tadbirkorlar makoniga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi, ishbilarmonlik qobiliyatiga ega yigit-qizlar koʻpligi taʼkidlandi.
– Faoliyat koʻrsatish uchun joy, kredit masalalarida yordam berilsa, zamonaviy biznes tamoyillari oʻrgatilsa, Samarqandda, xususan, Urgutda tadbirkorlik qilmoqchi boʻlgan yoshlar juda koʻp, – deydi “Urgut sanoat servis” oilaviy korxonasi taʼsischisi Majidxon Islomov. – Shu yilning aprel oyida davlatimiz rahbari viloyatimizga tashriflari chogʻida Samarqandning barcha tuman va shaharlarida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining filiallari tashkil etilishini aytgan edilar. Bu ham yosh tadbirkorlar uchun juda katta imkoniyat boʻladi. Biz ham bu imkoniyatdan foydalanib, tumanimizdagi mahallalarda, boshqa tumanlarda korxonamiz filialarini ochmoqchimiz. Va asosan, yoshlarni ishga qabul qilib, ularga hunar, shu bilan birga tadbirkorlikni oʻrgatamiz.
Shuningdek, ishchi guruh Samarqand “Kelajak liderlari” klubi aʼzolari bilan suhbatlashib, viloyatda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.