Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudida sud raisi Muzaffar Kukiyev raisligida 47 ta firibgarlik ishi boʻyicha sud ishi boʻlib oʻtdi.

Unga koʻra, sudlanuvchi Mahmud Ravshanov boshqalarning ishonchiga kirib, ularning nomlariga kredit va foizga muddatli toʻlov evaziga maishiy texnikalar rasmiylashtirgan. Keyin esa ularni naqd pulga sotib, pullarni oʻz ehtiyojiga sarflab yuborgan.

U shuningdek, tanishlarining nomiga Texnomart, Kredit express Electronic, MAXIMIN, Goodzone Trading, Idea kabi maishiy texnika doʻkonlaridan turli elektron qurilmalarni rasmiylashtirib olgan.

Bundan tashqari, Mahmud Ravshanov “Universalbank”ning Mirobod tuman filialidan oʻzining nomiga kredit mablagʻini rasmiylashtirishga erishgan. Biroq qarzlarini toʻlamagan.  

Maʼlumot uchun,  jabrlanuvchilardan Gʻ. Aliyev 17-marta, K. Umidov 20-marta, T. Hamidullayev esa 8-marta Ravshanovning nomiga texnikalar sotib olib berishga rozi boʻlishgan. 

Shuningdek, bank hamda doʻkonlardagi qarzlarini ham toʻlamagan.

Shu bilan birga, M. Ravshanov shaxsiy mashinasiga chiqqan yoʻlovchining koʻzi ojizligidan foydalanib, uning qoʻl telefonini aldab olgan. Yoʻlovchini esa boshqa yoʻlda tashlab ketgan. 

Ushbu firibgarliklar tufayli sudlanuvchi M. Ravshanovga 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.