Toshkent shahrida sog'liqni saqlash muassasalari tomonidan o'tkazilgan noqonuniy tanlov natijalari bekor qilindi. Bu haqda Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko'ra, Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Korruptsiyasiz soha” loyihasida sog'liqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalari tomonidan amalga oshirilgan xarid jarayonlari davomida “Davlat xaridlari to'g'risida” va “Raqobat to'g'risida”gi qonunlarning talablari buzilgani aniqlangan.
Ma'lum qilinishicha, Toshkent shahar 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi xarid komissiyasi tomonidan o'tkazilgan tanlovga “Z.S.” MChJning taqdim qilgan hujjatlari ko'rib chiqilmagan va taklifi rad qilingan.
Shuningdek, Toshkent shahar 3-sonli klinik shifohonasi buyurtmachiligidagi 92,4 million so'mlik autsorsing xizmatini ko'rsatish bo'yicha o'tkazilgan tanlovda buyurtmachi talabgorlarga davlat xaridlari shartlarida nazarda tutilmagan talablarni qo'ygani va noqonuniy g'olibni aniqlash holatlariga yo'l qo'yilgani ma'lum bo'lgan.
Har ikkala tanlov qonun talablari buzilgan holda o'tkazilgani sababli agentlik taqdimnomasi asosida bekor qilingan.