Samarqand viloyat prokuraturasi va xalq taʼlimi boshqarmasi tomonidan ichki ishlar organlarining profilaktik hisobida turuvchi hamda ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida “Eng yaxshi kitobxon”, “Buyuk ajdodlarimizning munosib vorisi” hamda “Yosh huquqshunos” yoʻnalishida maktab, tuman-shahar va viloyat bosqichlaridan iborat boʻlgan “Iqtidoringni namoyon et” koʻrik-tanlovi tashkil etildi.

Tanlovga 30 mingdan ortiq oʻquvchilar jalb etilib, joriy yilning may oyida oʻtkazilgan maktab va tuman-shahar bosqichlaridan soʻng tanlovning viloyat bosqichida 48 nafar oʻquvchi oʻzaro bellashishdi.

Tanlov yakuni boʻyicha oʻtkazilgan taqdirlash marosimida viloyat prokurori Ravshan Masharipov, “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri, senator Farmon Toshev hamda viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi masʼul xodimlari qatnashib, 1, 2 va 3-oʻrinlarni egallagan 9 nafar gʻolibni noutbuk, televizor, telefon, kitoblar jamlanmasi va diplomlar bilan taqdirlashdi. Shuningdek, faol ishtirok etgan 39 nafar oʻquvchiga faxriy yorliqlar, kitoblar jamlanmasi topshirildi.

Bosqichma-bosqich oʻtkazilgan mazkur koʻrik-tanlov natijasida 11 ming 500 dan ortiq oʻquvchining fanlarni oʻzlashtirish darajasi yaxshilandi. 45 nafar oʻquvchi ichki ishlar organlari profilaktik hisobidan chiqarildi. Eng asosiysi, tanlovga jalb etilgan oʻquvchilarda kitob oʻqish, bilim olish, turli sohalarda yuqori marralarni egallashga boʻlgan qiziqishlari yanada ortdi.