Piskent tumanida yer maydonlarini sotgan firibgar va uning sheriklari boʻlgan kadastr boʻlimi xodimlari aniqlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Piskent tuman boʻlimi tomonidan “A.G.” uzumchilik va bogʻdorchilik shirkatining murojaatiga asosan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro T.T., Davlat kadastrlari palatasining Olmaliq shahar filiali mutaxassisi A.N. va Piskent tumani filiali kadastr muhandisi B.Sh.lar oʻzaro til biriktirib, Piskent tumani hokimining 2020-2021-yildagi qaroriga ilova qilingan roʻyxatni soxtalashtirib, “A.G.” shirkatiga qarashli yer maydonlarini fuqarolarga 6-8 sotixdan 2 000 dan 15 000 AQSH dollarigacha sotishib, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun yana 1-2 mln soʻmdan pul olishib, 14 nafar fuqaroning jami 562,4 mln soʻmini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganliklari aniqlangan.
Tekshiruv davomida, A.N. va B.Sh.lar tomonidan oʻz aybiga iqror boʻlib, yetkazilgan zararni qoplash uchun taqdim qilgan 13,1 mln soʻmi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Toshkent viloyat hokimligi Axborot xizmati