Bugun, 5-sentyabrda Tanzila Narbayeva Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashdi.
Maʼlumki, Belarus Oʻzbekistonning MDHdagi anʼanaviy hamkorlaridan biridir. Mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalar doʻstlik va sheriklik ruhida izchil rivojlanib boryapti.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
Suhbatda parlamentlararo muloqotni samarali rivojlanayotganligi, oʻzaro manfaatli uchrashuv va tadbirlar muntazam ravishda oʻtkazib borilayotganligi, MDH Parlamentlararo Assambleyasi hamda Parlamentlararo ittifoq doirasida faol hamkorlik olib borilayotganligi alohida taʼkidlandi.
Oʻzbekiston va Belarus xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar – BMT, MDH, SHHT doirasida konstruktiv hamkorlik qilib kelyapti.
Muloqot chogʻida Oʻzbekiston – Belarus biznes doiralari va tadbirkor ayollar birinchi biznes-forumiga alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu tadbir ayollar tadbirkorligini rivojlantirishiga muhim hissa qoʻshishi, mamlakatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash boʻyicha yangi taklif va tashabbuslarni muhokama etish va ishlab chiqish uchun samarali maydonga aylanishi taʼkidlandi.
Erishilgan shartnoma va kelishuvlar ijrosi ustidan taʼsirchan parlament nazorati oʻrnatilishi ahamiyati haqida alohida toʻxtalib oʻtildi. Qoʻshma tadbirlar orqali gender tengligiga erishish va Belarus ayollar ittifoqi bilan hamkorlikni mustahkamlash zarurligi qayd etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Uchrashuv davomida boshqa muhim masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.