Tanzila Narbayeva “BMT-Ayollar” tuzilmasi mintaqaviy direktori Aliya El-Yassir bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 14 Oktabr 2021 760

    Joriy yil 13-15-oktyabr kunlari Sankt-Peterburg shahrida boʻlib oʻtayotgan uchinchi Yevroosiyo ayollar forumi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti raisi Tanzila Narbayeva “Ayollar tadbirkorligi aqlli iqtisodiyotning poydevori sifatida: barqaror va teng yechim” deb nomlangan sessiyada ishtirok etyapti.

    Forum doirasida Tanzila Narbayevaning “BMT-Ayollar” tuzilmasining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy direktori Aliya El-Yassir bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
    Unda tomonlar Oʻzbekiston bilan gender boʻyicha, shu jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti doirasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
    Tanzila Narbayeva Oʻzbekistonning gender tenglikni taʼminlash borasidagi yutuqlari haqida soʻzlab, “BMT-Ayollar” tuzilmasi bilan hamkorlik oʻtgan yili muloqot yoʻlga qoʻyilishi bilan muntazamlik kasb etganini taʼkidladi.
    Oʻz navbatida, Aliya El-Yassir Senat Raisligi rahbarligida Muloqotda preventiv diplomatiya va ayollar tadbirkorligi sohasida mintaqadagi xotin-qizlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    “BMT-Ayollar” tuzilmasi mintaqaviy direktori Oʻzbekistonda gender tenglikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarni olqishlashini taʼkidlab, mamlakatda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan ishlar qoʻllab-quvvatlanishiga umid bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, Markaziy Osiyoda Oʻzbekiston gender tenglik boʻyicha eng ilgʻor va bu yoʻnalishda namunali mamlakat hisoblanadi.
    U shu yilning dekabr oyida boʻlib oʻtadigan Muloqotning yakuniy majlisida ishtirok etishini tasdiqladi. Shuningdek, “BMT-Ayollar” tuzilmasining yangi ijrochi direktori Sima Sami Baxusning kelgusi yilda Oʻzbekistonga tashrif buyurishini maʼlum qildi.