Tanzila Narbayeva Jizzaxda yosh velosportchilar bilan uchrashdi

    Sport 28 Fevral 2024 1337

    Jizzax viloyatiga xizmat safarida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, mamlakat velosport federatsiyasi rahbari Tanzila Narbayeva Jizzax Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga tashrif buyurdi.

    Tashrif jarayonida Tanzila Narbayevaga Jizzax viloyat hokimi Ergash Saliyev hamrohlik qildi.

    Markazda velosport bilan shugʻullanuvchi yosh oʻquvchilar bilan uchrashuv tashkil etildi.

    Tanzila Kamalovna yosh sportchilar bilan koʻrishib, ular uchun yaratilgan sharoitlar, oʻqish jarayonlari haqida samimiy suhbatlashdi. Ularning mashgʻulotlardagi xavfsizligini taʼminlash, qolaversa, federatsiya viloyat boʻlimining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash maqsadida bir dona “Damas” avtomobili, shuningdek, 10 dona trek velosipedlarini sotib olish uchun 200 million soʻm taqdim qildi. Shubhasiz, bu jizzaxlik yosh velosportchilarning ishtiyoqini yanada kuchaytirdi.

    Federatsiya raisi safar davomida velosport boʻyicha Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi aʼzosi, jizzaxlik Nozima Egamberdiyeva bilan alohida uchrashdi. Unga soʻnggi musobaqalarda yaxshi natijalar qayd etgani uchun 50 million soʻm miqdorida pul mukofotini topshirdi, deb xabar beradi Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati.