Tanzila Narbayeva: Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya bilan aloqalari barcha yoʻnalishlarda jadal rivojlanyapti

    Xalqaro hamkorlik 13 May 2022 1842

    Avval xabar berilganidek, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya Federatsiyasining birinchi parlamentlararo forumida ishtirok etyapti.

    Forumda tegishli Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya parlament delegatsiyalari rahbarlari soʻzga chiqdi.

    Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva oʻz nutqida soʻnggi 30 yil davomida Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya bilan munosabatlari barqarorlashib, oʻzaro hamkorlikning barcha yoʻnalishlarida jadal rivojlanib borayotganini taʼkidladi. Turli darajadagi delegatsiyalarning oʻzaro tashriflari jadal tashkil etilyapti.

    Mintaqa davlatlari va Rossiya Oʻzbekiston uchun nafaqat qoʻshni, balki vaqt bilan sinalgan, juda yaqin doʻstlardir.

    Hamkorligimiz ochiqlik, oʻzaro ishonch, oʻzaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillari asosida izchil kengayib boryapti.

    “Shu nuqtayi nazardan bugungi kunda Oʻzbekistonning mintaqa mamlakatlari va Rossiya bilan oʻzaro hamkorligi strategik sheriklik, qator mamlakatlar bilan esa ittifoqchilik darajasiga koʻtarilganini, davlatlarimiz rahbarlarining siyosiy irodasi buning uchun, shubhasiz, asos boʻlib xizmat qilayotganini taʼkidlamoqchiman”, – dedi Senat Raisi.

    Hozirgi zamondagi tahdidlar va ogʻir sharoitlarga qaramay, biz koʻp qirrali hamkorligimizni kengaytirishning yangi yoʻllarini topishga muvaffaq boʻlyapmiz.

    Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya oʻrtasidagi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirishda parlamentlarning koʻmagi muhimligi taʼkidlandi. Yuqori darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini taʼminlash maqsadida oʻzaro savdodagi toʻsiq va cheklovlarni bartaraf etish uchun asos boʻlib xizmat qiladigan, iqtisodiy hamkorlikni faollashtirishga koʻmaklashadigan zarur huquqiy bazani yaratish taklif etildi.

    Gumanitar aloqalarni, yoshlar aloqalarini mustahkamlash, turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, pandemiyadan keyingi barqaror tiklanish boʻyicha amaliy hamkorlik masalalariga eʼtibor qaratildi.

    Oʻzbekistonning qoʻshma tashabbuslarni ilgari surish amaliyotini davom ettirishdan, shuningdek, xalqaro parlament tuzilmalari doirasida bir-birini qoʻllab-quvvatlashdan manfaatdorligi yana bir bor tasdiqlandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.