Shuningdek, majlisda Assambleyaga aʼzo davlatlar – Ozarbayjon, Turkiya, Qirgʻiziston va Qozogʻiston parlamentlari rahbarlari, Vengriya (kuzatuvchi maqomiga ega) va Turkmaniston (faxriy mehmon sifatida) spiker oʻrinbosarlari ishtirok etdi.

“Parlament diplomatiyasi – ishonch va hamkorlik asosi” yalpi majlis mavzusi boʻldi.

Oliy Majlis Senati Raisi oʻz nutqida ishtirokchilar eʼtiborini dolzarb masalalarni hal etishda parlament diplomatiyasi mexanizmlaridan foydalangan holda turkiy tilli mamlakatlar parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikning hali ishga solinmagan ulkan imkoniyatlaridan samarali foydalanishga qaratdi.

Majlisda “Ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisida”gi model qonun loyihasi qabul qilindi, Assambleya bosh kotibining oʻrinbosarlari va kotibiyat komissiyalari rahbarlari tasdiqlandi, kuzatuvchi missiyalarning 2021-yil oktyabr oyida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, 2021-yil noyabr oyida Qirgʻizistonda boʻlib oʻtgan parlament saylovi, shuningdek, 2022-yil iyun oyida Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan referendum boʻyicha hisobotlari eshitildi.

Tadbir yakunida Choʻlpon-Ota deklaratsiyasi va TurkPA nomini Turkiy mamlakatlar Parlament assambleyasi deb oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati