Bu haqda Surxondaryo viloyati sudlarining rasmiy kanali xabar bermoqda.
Aniqlanishicha, sudlanuvchi U. A. 2019-yilda “Odnoklassniki.ru” saytida Abdugʻani Umarov (Abdulloh domla)ning “Jannatga oshiqlar” nomli aqidaparastlik gʻoyalari bor deb topilgan maʼruzasiga “klass” bosish orqali virtual doʻstlariga tarqatgan.
Taʼkidlanishicha, bu bilan u Jinoyat kodeksi 244−1-moddasi 3-qismining “g” bandida (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish OAVdan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanib sodir etilgan boʻlsa) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Qumqoʻrgʻon tuman sudining 2025-yil 1-iyuldagi hukmiga koʻra, U. A. ushbu modda boʻyicha aybdor deb topilib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini (Yengilroq jazo tayinlash) qoʻllagan holda, 3-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtash belgilangan.
“Sudlanuvchi U. A. tomonidan sodir etilgan mazkur jinoyat ogʻir turga mansubligi tufayli unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlgan jazo tayinlangan. Shunday boʻlsada jazoni yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olgan holda unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi tatbiq etilib, modda sanksiyasidan kamroq jazo muddati tayinlangan”, — deyiladi xabarda.









