Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 4-yanvardagi “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan Nizomga koʻra, diniy mazmundagi kitoblar yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun har bir nomlanishdagi materialdan uch nusxadan oshmagan miqdorda, agar ular taqiqlangan materiallar roʻyxatiga kiritilmagan boʻlsa, ekspertiza oʻtkazilgandan keyin mamlakat hududiga olib kirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
“Navoiy aeroporti” chegara bojxona posti orqali Turkiya davlatidan Navoiyga aviareys bilan olib kelingan kuryerlik joʻnatmalari bojxona xodimlari, yuk egasi hamda xolislar ishtirokida bojxona koʻrigidan oʻtkazilganda 4 ta karton qutida 26 dona diniy mazmundagi kitoblar borligi aniqlandi.
Ushbu kitoblar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga jismoniy shaxslar nomiga xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari orqali kelayotgan tovarlar nazoratini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va belgilangan Nizom talablari asosida oʻrganilganda taqiqlangan adabiyotlar roʻyxatiga kirishi tasdiqlandi.
Hozirda, ushbu kitoblar dalolatnoma asosida vaqtincha saqlovga olinib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.