Navbatdagi islohotlarni “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy gʻoya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qoʻyilmoqda. Shu asosda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni imzolanishi kutilmoqda. Hozirda Farmon loyihasi keng jamoatchilik orasida muhokama qilinib, takliflar ilgari surilmoqda.

Unda milliy iqtisodiyotni, uning oʻsish surʼatlarini zamon talablari darajasida rivojlantirish, mamlakatimizdagi mavjud resurs va imkoniyatlarni safarbar etgan holda aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmini yanada oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʻzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi Aktam Haitov ham joylarda aholi vakillari bilan uchrashib, Farmon loyihasi boʻyicha jamoatchilikka sodda tilda tushuntirishlar bermoqda.

A.Haitov Fargʻona viloyatining Dangʻara tumanidagi “Bek nur klass” MCHJda jamiyat xodimlari bilan oʻtkazgan uchrashuvida Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining uchinchi yoʻnalishi – milliy iqtisodiyotni, uning oʻsish surʼatlarini zamon talablari darajasida rivojlantirish yoʻnalishi boʻyicha belgilangan ustuvor vazifalarni Harakatlar strategiyasining iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yoʻnalishlari doirasida boshlangan islohotlarning davomi sifatida baholash mumkinligini taʼkidlab, bu boradagi islohotlar haqida soʻz yuritdi.

Taraqqiyot strategiyasi asosida 2030-yilga borib, Oʻzbekiston jon boshiga hisoblaganda, aholi daromadlari oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori boʻlgan davlatlar qatoridan oʻrin egallashi, bunga, avvalo, xususiy sektorni ragʻbatlantirish va uning ulushini oshirish hamda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobidan erishish koʻzda tutilayotgani uchrashuvda alohida tilga olindi.

Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirish, hammaga teng boʻlgan biznes muhitini va zarur infratuzilma yaratish boʻyicha boshlangan islohotlar qatʼiy davom ettirilishi taʼkidlandi.

Ulugʻbek Ahmadaliyev boshchiligidagi mazkur tadbirkorlik subyekti 2017-yilda tashkil etilgan boʻlib, asosan paypoqlar ishlab chiqarilib, Rossiya davlatiga eksport qilinadi.

Aktam Haitov tadbirkorlik subyekti faoliyati, ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi.

Shohsulton Toʻxtamatov,

OʻzLiDeP Fargʻona viloyati Kengashi

Jamoatchilik bilan aloqalar va

Mafkuraviy targʻibot boʻlimi mudiri.