O'tgan yillarga nazar soladigan bo'lsak, so'nggi besh yilda har sohadagi yangilanishlar, inson farovonligi va qadr-qimmatini oshirishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar amalda o'z natijasini bermoqda.
Bugun yangi O'zbekiston «Inson qadri ustuvor bo'lgan jamiyat va xalqparvar davlat» degan muhim g'oya negizida barpo etilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev belgilab bergan bu ulug'vor maqsad asosida xalqimiz yangidan-yangi islohotlarning haqiqiy muallifiga aylanib bormoqda.
Xususan, «Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyili asosida aholi farovonligini yanada yuksaltirish, iqtisod tarmoqlarini transformatsiya qilish, inson huquqlari va manfaatlarini so'zsiz ta'minlash, faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasidagi islohotlarning ustuvor yo'nalishlarini belgilab olish maqsadida Yangi O'zbekistonning 2022–2026 yillarga mo'ljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasi ishlab chiqilib, 2021 yil 31 dekabrdan boshlab, 2022–2026.strategy.uz, jamoatchilik.uz va regulation.gov.uz elektron platformalari orqali keng jamoatchilik o'rtasida muhokama uchun joylashtirildi. Shu tariqa yurtimiz aholisi uchun o'z takliflarini bildirish imkoniyati yaratildi. Hujjat loyihasi muhokamasi 2022 yilning 15 yanvar kuniga qadar davom etdi.
Ta'kidlash joizki, Taraqqiyot strategiyasi loyihasi xalqimizning yuksak ishonch va e'tirofiga sazovor bo'lgan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturi hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag'ishlangan Oliy Majlis palatalari qo'shma majlisidagi nutqida bayon qilingan maqsad va vazifalar asosida ishlab chiqildi. Undan tashqari, ushbu hujjat loyihasida keng jamoatchilik, yuzdan ortiq vazirlik, idora, tashkilot va hokimliklar tomonidan kelib tushgan takliflar ham o'z aksini topdi.
Davlat rahbari ta'kidlaganidek, «bu muhim kontseptual hujjatda islohotlarimizning uzviyligi va davomiyligini ta'minlash maqsadida «Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari» degan tamoyil asosiy g'oya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qo'yildi».
Taraqqiyot strategiyasi loyihasida mamlakatni rivojlantirishning:
- Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish.
- Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish.
- Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning o'sish sur'atlarini zamon talablari darajasida ta'minlash.
- Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish.
- Taraqqiyotni ta'minlash, ushbu sohani tubdan isloh etish va yangi bosqichga olib chiqish.
- Umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish.
- Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat olib borish kabi 7 ta ustuvor yo'nalishi doirasida 94 ta maqsadga erishish nazarda tutildi.
Olib borilgan qizg'in va jiddiy muhokamalar asnosida, faqatgina elektron platformalar orqali jami 17 535 ta taklif, shu jumladan «Taraqqiyot strategiyasi» markazining 2022-2026.strategy.uz maxsus veb-saytiga jamoatchilik muhokamasiga qo'yilgan davrdan to 2022 yilning 15 yanvar kuniga qadar jami 15 028 ta, jamoatchilik.uz veb-saytiga jami 1 148 ta, regulation.gov.uz veb-saytiga jami 525 ta, @YangiTaraqqiyotStrategiyasi va @dscuzbekistan telegram kanallari orqali 834 ta taklif kelib tushdi.
Aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining loyiha yuzasidan taklif va fikr-mulohazalarini olish hamda umumlashtirish maqsadida Markazning telegram messenjerida maxsus kanallar ochildi.
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi va uning hamkorlari, ya'ni davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan davlat organlari mas'ul xodimlari, soha mutaxassislari, olimlar, professor-o'qituvchilar, turli soha vakillari, mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida konferensiyalar, uchrashuvlar va davra suhbatlari tashkil etildi.
Shuningdek, Markaz tomonidan O'zMTRK bilan hamkorlikda muntazam tarzda kunlik muhokamalar tashkil etib borildi. Jumladan, «O'zbekiston 24» telekanalining «Axborot», «Tahlilnoma», «Yangiliklar» va «Studiya 24» kabi informatsion dasturlari, «Renessans» telekanalining «Muloqot» ko'rsatuvi, «Yoshlar» telekanalining «Yangi davr» informatsion dasturi orqali Yangi O'zbekistonning 2022–2026 yillarga mo'ljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni «Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturiga bag'ishlangan 50 dan ortiq ko'rsatuvlar, suhbatlar hamda targ'ibot lavhalari efirga uzatildi.
Shu o'rinda, Markaz tomonidan ushbu masalada bir qator nodavlat tele va radiokanallar bilan ham yaqindan, samarali hamkorlik yo'lga qo'yilganini alohida qayd etish joiz.
Albatta, bularning barchasi fuqarolarimizning muhokamalarda g'ayrat va shijoat bilan, g'oyatda faol ishtirok etishlari uchun zamin yaratdi, ularda ulug' ishlarga daxldorlik hissini uyg'otdi. Natijada, yurtdoshlarimiz tomonidan telefon qo'ng'iroqlari, maktublar, ijtimoiy tarmoqlar hamda ommaviy axborot vositalari orqali ming-minglab takliflar bildirildi.
Shuningdek, barchaning qimmatli fikrlarini inobatga olish maqsadida, Markaz mutaxassislari tomonidan xorijdagi yurtdoshlarimiz orasida ham targ'ibot ishlari olib borildi, natijada ular tomonidan e'tiborga molik taklif va mulohazalar bildirildi.
Fuqarolarning barcha taklif va fikr-mulohazalar tegishli soha mutaxassislari tomonidan diqqat bilan o'rganib chiqildi. Shuni alohida e'tirof etish joizki, 100 dan ortiq taklif, aynan taraqqiyot strategiyasini tegishli ravishda boyitishga to'g'ridan-to'g'ri xizmat qildi.
Jamoatchilik muhokamalari davomida bildirilgan minglab takliflardan eng asoslilari tanlab olindi. Ularning Strategiya loyihasida tizimli inobatga olinishi natijasida avvalboshda loyihada ko'rsatib o'tilgan 94 ta maqsad, muhokamalar yakunidan so'ng 100 tani tashkil etdi. Shuningdek, ularga erishishning aniq mexanizmlari ishlab chiqildi.
Fuqarolardan kelib tushgan takliflar va izohlarning tahlili shuni ko'rsatdiki, fuqarolar tomonidan, asosan milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, mahallalardagi ijtimoiy siyosatni kuchaytirish, ta'lim, bandlik, pensiya ta'minoti, ko'chmas mulk va odil sudlov kabi masalalar bo'yicha takliflar bildirildi. Xususan,
– mahallalarda «Ish markazlari»ni tashkil etib, ishsizlik muammosi bilan doimo va muntazam ishlaydigan tizimning yaratilishi;
– mahalla raisining yiliga kamida 4 marta fuqarolarga o'z faoliyati to'g'risida axborot berib borishi mexanizmini ishlab chiqish;
– xalq ta'limi tizimining tuman bo'linmalari faoliyatini to'liq raqamlashtirgan holda bosqichma-bosqich tugatish va tejalgan mablag'larni maktab o'qituvchilarining oyligini oshirishga qaratish;
– hamma maktablarni quyosh energiyasi batareyalari bilan elektrlashtirish orqali ularni uzluksiz elektr bilan ta'minlash va elektr energiyasiga ketadigan xarajatlarni boshqa yo'nalishlarga sarflashni yo'lga qo'yish masalalari tashabbus o'laroq ilgari surildi.
Umuman olganda, muhokamalar jarayoni faqat bir hudud, bir jamoa o'rtasida emas, balki o'zining keng ko'lamliligi va ilmiyligi bilan ajralib turishini ham ko'rsatdi.
Xulosa o'rnida aytadigan bo'lsak, Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi mamlakatimiz rivojining muhim fundamental asoslarini o'zida qamrab olgan bo'lib, faoliyatimizning ustuvor vazifalarini belgilab beradi. Xalqaro hamjamiyatning ko'z o'ngida davlatimiz mavqei va obro'sini yanada mustahkamlashga, inson qadrini ulug'lashga xizmat qiladi.
Eldor Tulyakov,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
ijrochi direktori