Chet ellik mutaxassislar Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisi Murtazo Rahmatov bilan muloqotda mamlakatda mehnat sharoitlarini yaxshilashga doir “Better Work” dasturini amalga oshirish, paxta-toʻqimachilik sanoati, xususan, klasterlarda munosib mehnat sharoitlari yaratish masalalarini muhokama qildilar.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda mehnat huquqi sohasida ijobiy oʻzgarishlar kuzatilyapti. Chunki keyingi yillarda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarning barcha tarmoqlarida mehnat munosabatlarini yaxshilashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Bu jarayonda Xalqaro mehnat tashkilotining asosiy konvensiyalari hamda muhim kelishuvlari ratifikatsiya qilingani ayni muddao boʻlayotir. Ularning izchil ijrosi taʼminlanayotgani tufayli paxta yetishtirish va yigʻim-terim mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berildi.
Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikning hozirgi bosqichida mehnatga munosib sharoit yaratish va haq toʻlash, ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Shu maqsadda “Better Work” dasturi hayotga tatbiq qilinyapti.
— “Better Work” dasturi Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi maqsadlariga hamohang, — deydi Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisi, senator Murtazo Rahmatov. — Inson huquqlarini taʼminlash, uning qadr-qimmatini oshirish, aholi hayot darajasi va turmush sharoitini yuksaltirish keyingi besh yillikda dasturilamal hujjatning eng ustuvor vazifalari etib belgilangan. Shu bois xalqaro dastur ijrosi paxta-toʻqimachilik klasterlari uchun qiyinchilik tugʻdirmaydi. Aksincha, qishloq aholisi bandligini taʼminlash, ular daromadini koʻtarish borasidagi ishlar koʻlami kengayishiga katta turtki boʻladi.
Aytish joizki, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qishloq xoʻjaligida klaster tizimiga oʻtilgach, ishga boʻlgan munosabat ham, mehnat sharoitlari ham tubdan oʻzgardi. Natijada agrar sohada band boʻlganlar soni ortib, ularning ish haqi muttasil ravishda koʻtarilmoqda. Endilikda klaster qishloq xoʻjaligi mehnatkashlari ishini yengillashtirish maqsadida amaliyotga eng ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash, sohani mexanizatsiyalashtirish va sanoatlashtirishga intilmoqda. Natijada dala yumushlaridan boʻshaydigan ish kuchlari zamonaviy fabrikalarga jalb etilyapti. Ayni paytda klasterning birgina sanoat tarmoqlarida 200 mingdan ziyod kishi mehnat qilayotgani ana shu saʼy-harakatlar samarasidir. Foydalanishga topshirilayotgan yangi quvvatlar doirasida esa har yana 100 mingta ish oʻrni ochilib, qishloq xotin-qizlari yuqori maoshli ishga jalb etilyapti.
— Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisi Murtazo Rahmatov bilan uchrashuvimiz oʻta qizgʻin va ishchan ruhda oʻtdi, — deydi Xalqaro mehnat tashkiloti “Better Work” dasturi rahbari Konor Boyl. — Ikki soat davom etgan muloqotda klaster tizimida ishchilarga munosib mehnat sharoiti yaratish va haq toʻlash, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida yaxlit tasavvurga ega boʻldik. Ayniqsa, ishchi-xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish uchun yil yakunlari boʻyicha bonus, yaʼni qoʻshimcha haq toʻlash tizimi yoʻlga qoʻyilganini yuqori baholaymiz.
Delegatsiya kunning ikkinchi yarmida Quyi Chirchiq tumanidagi “TCT Cluster” koʻp tarmoqli klasteriga tashrif buyurdi.
Ushbu tumanda klaster usuli joriy etilgach, qishloq xoʻjaligida band boʻlganlar soni qariyb 8 barobar, ularning oʻrtacha ish haqi 4 barobar oshgan. Hudud ijtimoiy rivojida muhim manba boʻlgan soliq toʻlovlari esa 10 barobar koʻpaygan.
Xalqaro tashkilotlar vakillari klaster tomonidan bunyod etilayotgan toʻqimachilik fabrikasi qurilish maydonida boʻlib, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini koʻzdan kechirdilar. Klaster ishchi-xodimlariga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, klaster tarkibidagi sholini qayta ishlash zavodida mehnat qonunchiligi ijrosi, ishchilar mehnat muhofazasini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarni yuqori baholashdi.