Joriy yilning 6-iyul kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov rahbarligidagi delegatsiya aʼzolarini butun dunyoda oʻz oʻrni va nufuziga ega boʻlgan Turkiya Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar jamgʻarmasi (SETA) rahbari – bosh koordinatori Burxanettin Duran tashkilotning Istanbul shahridagi bosh qarorgohida qabul qildi.

Shuni alohida taʼkidlash lozim, SETA – milliy, mintaqaviy va xalqaro muammolarni innovatsion tadqiq etib boruvchi nufuzli notijorat tadqiqot instituti hisoblanadi. Mazkur jamgʻarma faoliyatining asosiy maqsadi zamonaviy siyosiy va iqtisodiy tendensiyalarni tahlil qilishdan iborat. Jamgʻarma xalqaro muloqot forumini taqdim etish bilan bir qatorda, tadqiqot hisobotlari, nashrlar, aqliy hujumlar, konferensiyalar va siyosiy tavsiyalar orqali siyosiy yetakchilarning faoliyatiga tuzatishlar kiritishga ham harakat qiladi. Shuningdek, SETAning asosiy vazifasi davlat apparati va xususiy sektorda qaror qabul qiluvchilar uchun eʼtiborga molik, ishonchli hamda mustaqil axborotlarni taqdim etishdan iborat.

Ushbu jamgʻarma ilmiy-tahliliy yoʻnalishdagi turli mavzular bilan bogʻliq maqolalarni doimiy ravishda chop etib boradi. Xususan, “Policy Brief” va “Policy Report” jurnallarida, bosma va elektron nashrlarda eʼlon qilinayotgan harbiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashqi siyosiy mavzularga bagʻishlangan maqolalar shular jumlasidandir.

Uchrashuv avvalida Markaz rahbari Eldor Tulyakov Oʻzbekistonda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar natijalari, xususan, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha mamlakatda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar, bu borada “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va boshqa nodavlat jamoat tashkilotlarining oʻrni va roli haqida batafsil maʼlumot berdi.

Oʻz navbatida, Turkiya Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar fondi (SETA) rahbari Burxanettin Duran ham Oʻzbekiston bilan Turkiya munosabatlari keyingi vaqtlarda jadal rivojlanib borayotganini taʼkidlab, Oʻzbekistonda soʻnggi besh yil ichidagi islohotlar natijasida roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlarni yuqori baholadi hamda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan mintaqaviy va global darajadagi xalqaro tashabbuslar Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotga xizmat qilayotganini taʼkidladi.

Shuningdek, Burxanettin Duran Markaziy Osiyo va unga qoʻshni hududlarda oʻzaro iqtisodiy, transport va infratuzilmaviy loyihalarning samaradorligi hamda ularning mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka taʼsirini yetakchi ilmiy tadqiqot markazlari tomonidan tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etishini eʼtirof etdi. Bu borada Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar jamgʻarmasi (SETA) “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan faol ilmiy-amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdor ekanini bayon etib, birgalikda qoʻshma loyihalarni boshlashga tayyorligini bildirdi.

Shu bilan birga, uchrashuvda Oʻzbekiston va Turkiyaning yetakchi ilmiy tadqiqot markazlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirish hamda istiqbolda oʻzaro manfaatli, dolzarb mavzularda qoʻshma ilmiy-amaliy loyihalarni yoʻlga qoʻyish masalalari ham muhokama qilindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi delegatsiyasining Turkiya Respublikasiga ishchi tashrifi davom etmoqda, deya xabar beradi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati.