Shu munosabat bilan viloyat hokimligida oʻtkazilgan tadbirda jamoatchilik guruhini tashkil etishdan koʻzlangan asosiy maqsad va vazifalarga toʻxtalib oʻtildi. Xususan, guruh:
- hududiy dasturlarning ishlab chiqilishida oʻtkaziladigan jamoatchilik muhokamalarida ishtirok etib, taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi;
- Davlat dasturlari va hududiy dasturlarning davlat idoralari tomonidan oʻz vaqtida va lozim darajada ijro etilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini tashkil etadi va tahliliy materiallar tayyorlaydi;
- har chorakda davlat va hududiy dasturlarning ijro etilishi yuzasidan keng jamoatchilikka va aholiga maʼlumot taqdim etadi;
- har yil yakunida Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishilganligi boʻyicha yillik muqobil hisobotlar tayyorlaydi va eʼlon qiladi.
Mazkur guruh aʼzolari “Yuksalish” umummilliy harakatining hududiy boʻlinmasi hamda viloyat hokimligi tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar ichidan ularning aholi orasidagi hurmati va nufuzi, amaliy va hayotiy tajribasi, davlat va jamiyat rivoji uchun qoʻshayotgan hissasi va boshqa xislatlarini hisobga olgan holda saralab olindi.
— Taraqqiyot strategiyasining 7 ta ustuvor yoʻnalishida Jizzax viloyatiga toʻgʻridan-toʻgʻri tegishli 10 ta band boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi koʻzda tutilgan, — deydi “Yuksalish” UMH raisi oʻrinbosari Asqar Mamatxonov. — 2023-yilda Gʻallaorol tumanida 200 million dollarlik quyosh fotoelektr stansiyasini qurib bitkazish, Jizzax viloyati va Hindiston bilan investitsiya, tashqi savdo aloqalarini rivojlantirish shular jumlasidan. Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirishda jamoatchilik nazorati ishtirokining kuchaytirilayotgani eʼtiborga molik. Shaffoflik va ochiqlik jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirish imkonini beradi.
Taʼkidlanganidek, “Yuksalish” harakati Taraqqiyot strategiyasini qoʻllab-quvvatlash jamoatchilik guruhlari faoliyatini tashkil etib, muvofiqlashtirib boradi. Markazlashgan tarzda guruh aʼzolari uchun seminar va treninglar oʻtkazilishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.
Shuningdek, xabarda Jizzax viloyatida Taraqqiyot strategiyasini qoʻllab-quvvatlovchi jamoatchilik guruhi aʼzolari roʻyxati keltirilgan.