Oʻzbekiston tom maʼnoda yoshlar mamlakati. Shu bois, yurtimizning yorqin kelajagi bugun ulgʻayayotgan yigit-qizlarning orzumaqsadlariga chambarchas bogʻliq. Har tomonlama qoʻllab-quvvatlov esa bu maqsadlarni roʻyobga chiqarishda ularga koʻmak beradi. Zotan, mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻvor maqsadni oldimizga qoʻygan ekanmiz, Prezidentimiz buning uchun yangi Mirzo Ulugʻbeklar, Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitni yaratishimiz kerakligini taʼkidlagan edi.

Shuningdek, qator uchrashuvlarda yoshlar maʼnaviy yetuk, vatanparvar boʻlib yetishishi uchun atoqli olimlar, davlat arboblari, taniqli tadbirkorlar bilan davra suhbatlari, muloqotlar oʻtkazib borishni tizimli yoʻlga qoʻyish xususida ham soʻz yuritilgan edi. Chunki ziyolilar suhbati, uzoq yillik tajribaga tayangan tavsiya va takliflari yigit-qizlarning kelgusi hayot yoʻlini yorituvchi mayoq vazifasini oʻtaydi.

Joriy yil iyuldan boshlab Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasida davlat arboblari, olimlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, taniqli tadbirkorlar ishtirokida turkum uchrashuvlar tashkil etish yoʻlga qoʻyildi. Shu kungacha bunday tadbirlardan 9 tasi yuqori saviyada oʻtkazildi. Muloqotlarda mamlakatimizdagi nufuzli oliy taʼlim muassasalari rahbar xodimlari, professor-oʻqituvchilari va ilmiy izlanuvchilari, shuningdek, iqtidorli talabalari ishtirok etib kelmoqda.

Shunday maʼruzalardan biri yaqinda Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti rahbari, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi ijrochi direktori, yetuk navoiyshunos Olimjon Davlatov ishtirokida “Navoiyni anglash ishtiyoqi” mavzusida tashkil etildi. Maʼrifiy suhbatda Alisher Navoiy badiiyatini anglashning yoshlar maʼnaviyatini shakllantirishdagi ahamiyati haqida soʻz yuritildi. Bobomiz merosini oʻrgangan inson maʼnaviyatli, boshqalarni ortidan ergashtiruvchi boʻlib yetishishi, xalqqa katta naf berishi xususida misollar keltirildi.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, insonda maʼnaviy kuch, maʼnaviy jasorat, ilm, donolik shakllanishida yoshlikdan boshlab ilm-maʼrifat manbai boʻlgan asarlarni, buyuk shaxslarning hayotini oʻrganishga zarurat mavjud. Masalan, xitoy xalqining Konfutsiy, ruslarning Pushkin, inglizlarning Bayron, Shekspir kabi adiblarining ijodi oʻz davrida yoshlarning milliy ruhiyatini shakllantirishga xizmat qilgan. Hazrat Navoiyning adabiy merosi dunyo havas qilgulik darajada va bu merosdan foydalanish, shubhasiz, xalqimizning maʼnaviy olamini boyitib, tafakkurning yangi ufqlari sari boshlashga qodir.

Chunki insonning ichki olamini yoritishda moddiylikdan koʻra maʼnaviyatning yuksak boʻlishi Navoiy asarlarida aks etadi va shaxs tarbiyasida katta ahamiyat kasb etadi. Zero, tarbiyali insonning koʻpligi tarbiyali jamiyatga asos boʻladi, tarbiyali jamiyat esa gullab-yashnaydi. Ilm odami oqilga, moddiyat izidan quvganlar esa johilga aylanadi. Uchrashuvda soʻzga chiqqan boshqa ishtirokchilar qizgʻin muloqotda fikr-mulohazalarini bayon etdi. Oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Adabiyotshunos yosh tadqiqotchilarga Alisher Navoiyning besh jildlik “Xamsa” asarini tuhfa qildi.