Guvohi boʻlganimizdek, bizga yot qarashlarni, millatimizga xos boʻlmagan gʻoyalarni, bir soʻz bilan aytganda, maʼnaviyatsizlikni, axloqsizlikni targʻib qilib chiqqan ayrim ayollarning “xurmacha qiliqlari” ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab eʼtirozlarga sabab boʻldi. Bu birgina misol emas. Kundalik turmushda, ayniqsa, hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan ijtimoiy tarmoqlarda bu kabi “tasodifiy koʻngilsizliklar”ga koʻp bora duch kelishimiz odatiy holga aylandi.

Abdulla Qodiriyning “Oʻtgan kunlar” asarida uyat, uyatsiz degan ibora deyarli har bir sahifada ishlatilgan. Yuksak axloqiy, tarbiyaviy ahamiyatga egaligi uchun ham bu asar barchamiz uchun sevimli va qadrli milliy romanimizga aylandi. Har safar bu buyuk asarni qoʻlga olar ekanman, uyatsizlik, andishasizlik fojiaga olib kelishini yana-da chuqur anglayman. Bugun ayrim odamlar, ayniqsa, koʻpchilik yoshlarning milliy qadriyatlarimizni yoʻqqa chiqarayotgan qarashlari, turmush tarzi dilimizga ogʻriq soladi. Ana shundagina zamon shiddati, uning chang-gʻuborlarga toʻla shamoli taʼsirida keskin oʻzgarib ketgan ayrim kimsalarning maʼnaviyatga naqadar ehtiyoji ortib borayotganini his etamiz.

Insonda maʼnaviy dunyoqarashning oʻsib borishi albatta, biz bot-bot taʼkidlaydigan oiladagi tarbiyaga borib taqaladi. Har qanday yuksalish yoki tanazzul tarbiya bilan bogʻliq ekanligini barchamiz yaxshi bilamiz. Oilada sogʻlom muhit barqaror boʻlmas ekan, farzandning yorugʻ kelajagiga umid bogʻlash nooʻrin. Ota va ona tarbiyada ibrat boʻla olmagan oilada oʻsgan oʻgʻil-qizning maʼnaviyati ham haminqadar boʻlib borishi, shubhasiz. Oiladagi bosh burch va majburiyat unutilgan, otaning ota sifatidagi oʻrni yoʻqolgan yoki ona tirikchilik ilinjida koʻchadan ortmayotgan holatlarning uchrayotgani farzand tarbiyasiga oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmaydi. Ana oʻshanda bizni yuragimizga ogʻriq solayotgan, maʼnaviyatsizlik, tarbiyasizlik axloqsizlik, andishasizlik ildiz ota boshlaydi.

Xoʻsh, yechim qanday? Qachon biz bu kabi ogʻriqli muammolarga batamom barham bera olamiz? Oilalardagi burch va majburiyat his etila boshlangandami?Unutib yuborayotgan urf-odat va anʼanalarimiz farovon umr kechirishning asosi ekanligini toʻliq anglab yetganimizdami? Qadriyatlar qadrlangan oilalardagina tarbiya ustun, maʼnaviyat yuksak boʻlaveradi. Muhit sogʻlomligi farzand kamoli uchun zamin yaratadi.

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining bosh maqsadi va ilgari surayotgan gʻoyalari tarbiya bilan chambarchas bogʻlangan. Shu boisdan ham axloq, mustahkam tarbiya va boy maʼnaviyat bilangina “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” gʻoyasini taʼminlash, amaliy ifodasini yuzaga chiqarish mumkin deb, hisoblanadi.

Shubha yoʻqki, yaxshi tarbiya, goʻzal axloq, aql-zakovat yuksak maʼnaviyatga eltuvchi yorugʻ yoʻlning boshlanishidir. Zero, farzandlarimizning ana shu yorugʻ yoʻldan borishi oʻzimizga, oʻz xatti-harakatimizga bogʻliq. Ularga ibrat boʻlaylik, tarbiya maʼnaviy taraqqiyotimizning tayanch nuqtasi ekanligini unutmaylik!

Gulnoza UMIROVA,

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik

partiyasi Xorazm viloyat kengashi matbuot kotibi.