Yoʻl qoidalari bolalikdan oʻrgatilsa, kelgusidagi koʻplab hodisalarning oldi olinadi

    Qoidabuzarliklarning oldini olishda profilaktik tadbirlarning oʻrni juda muhim. Ayniqsa, yosh avlodga maktab ostonasidan boshlab qoidalarni tushuntirib borish, ularga yoʻllarda xavfsiz harakatlanish koʻnikmalarini oʻrgatish kelgusida sodir etilishi mumkin boʻlgan koʻplab hodisalarning oldini oladi.

    Shu maʼnoda Toshkent viloyati IIBB YHXB tomonidan bir qator rejali ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, profilaktika va targʻibot kunlarida maktablarda suhbatlar oʻtkazish, oʻquvchilar bilan uchrashuvlar tashkil etish maqsadida YHXB tizimidagi rahbar xodimlar Toshkent viloyatidagi bir qator maktablarda boʻldi. YHXB boʻlim va boʻlinma boshliqlari, otryad komandirlari tomonidan sinflarda yoʻl transport hodisalarining oldini olish, qoidabuzarliklar sonini kamaytirish maqsadida targʻibot ishlari amalga oshirildi.

    Bir kunning oʻzida viloyatdagi 48 ta maktab qamrab olindi. Barcha xodimlar kerakli maʼlumotlar va maʼruzalar bilan taʼminlandi. Shuningdek, ularga yoʻl-transport hodisalarining ayanchli oqibatlari aks etgan fotosuratlar va bolalar qoidabuzarliklarining aniq misollari berildi.

    Suhbatlar koʻrgazmali qurollar va jonli savol-javob tariqasida oʻtkazilgani ham oʻzining ijobiy samaralarini bermoqda. Bolalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarni berishdi Xodimlar esa ularga qoidalar talablarini aniq misollar yordamida tushuntirib berdi.