Inson uchun eng buyuk nemat tinchlik-osoyishtalik va sogʻlik-salomatlikdir. Zero, tinchligini yoʻqotgan xonadon ham, mamlakat ham aslo xotirjam boʻla olmaydi. Farovonlik, taraqqiyotning garovi ham tinchlik-xotirjamlik.
Biz azal-azaldan tinchliksevar xalqmiz. Aynan shu gʻoya targʻibotiga bagʻishlangan buyuk milliy maʼnaviy merosimiz bor. Ularning barida tinchlikning qadriga yetish targʻib etiladi, urush esa qoralanadi.
9-mayni Xotira va qadrlash kuni tarzida umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelayotganimiz zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad mujassam.
Taʼkidlash joizki, Ikkinchi jahon urushida yurtimizdan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgan. 158 mingdan koʻproq hamyurtimiz urushda bedarak ketdi, 538 mingdan ziyod vatandoshimiz esa qonli janglarda halok boʻldi.
Hamon oramizda qanchadan-qancha urush qatnashchilari, front ortida mehnat-mashaqqat chekkanlar bor. Oʻtganlarni xotirlash, safimizda yurganlarning esa qadriga yetish kerak.
Prezidentimizning “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining eʼlon qilinishi yurtimizda istiqomat qilayotgan keksa avlod vakillariga, ayniqsa Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga boʻlgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlikning yorqin dalili boʻldi.
Qayd etish joizki, oʻtgan qisqa davrda keksa avlod vakillarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish, ularga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimini yaxshilash borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini bepul oziq-ovqat mahsulotlari, zarur kiyim-kechak va poyabzallar hamda gigiyena tovarlari bilan taʼminlab borish tartibi joriy etildi.
Farmonda 1941 – 1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 12 million soʻm miqdorida bir martalik pul mukofoti berish koʻzda tutilgan. Ushbu pul mukofotlari urush qatnashchilari va nogironlariga karantin qoidalariga rioya qilgan holda bayramona vaziyatda topshiriladi.
Hujjatda belgilangan vazifalardan kelib chiqib tayyorlangan Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining ish rejalariga muvofiq Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti faxriylarini, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila aʼzolarini moddiy-maʼnaviy ragʻbatlantirish tadbirlari ham amalga oshiriladi.
Bayram munosabati bilan “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan “Nuroniy” jamgʻarmasi Respublika Boshqaruviga muruvvat yordami sifatida berilishi koʻzda tutilayotgan 2000 dona dori-darmon aptechkalari Respublikamizning turli hududlarida yashab turgan nogironlar, yolgʻiz keksalar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylariga yetkazib beriladi.
Shuningdek, Nuroniylar jamoatchilik Kengashi aʼzolari hamda mahalla faollari hamkorligida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front orti mehnat faxriylari va yoshlarning poytaxtimizdagi “Gʻalaba bogʻi”, viloyatlardagi “Vatanparvarlar bogʻi”, “Xotira” majmualariga tashriflari tashkil etiladi. Shahrimizdagi “Shon-sharaf” muzeyida yoshlarni vatanparvarlik va ona-Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga yoʻnaltirilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil qilinadi. Tadbir ishtirokchilari poytaxtimiz aholisi va mehmonlarining eng muqaddas qadamjosiga aylanib ulgurgan “Gʻalab bogʻi”dagi “Shon-sharaf” muzeyi hamda hamyurtlarimizni qonli janglardagi mardligini, front ortidagi mashaqqatli mehnati va fidoiyligini aks ettirishga bagʻishlangan keng koʻlamdagi tarixiy-badiiy ekspozitsiyalar bilan tanishtirish rejalashtirilgan.
Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik Kengashi aʼzolari, jamgʻarma faollari hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining hududiy boshqarmalari bilan hamkorlikda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda nuroniylarning bilim va boy hayotiy tajribasidan keng targʻib etish maqsadida okrug va harbiy qismlarda jamoatchilik vakillari hamda taniqli adabiyot, sanʼat va madaniyat namoyandalari bilan ikki avlod uchrashuvlari karantin qoidalariga rioya qilingan holda oʻtkaziladi.