Termiz davlat universitetida Oʻzbek davlatchiligi tarixida Surxon vohasi mavzusidagi Akademik Yahyo Gʻulomov nomidagi Oʻzbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi respublika ilmiy seminarining navbatdagi 78-umummilliy yigʻini boʻlib oʻtdi.

Unda Respublikamizdagi etakchi ilmiy tadqiqot markazlari va oliygohlarining akademiklari, fan doktorlari, tadqiqotchilari va talabalar ishtirok etishdi. Olimlarimiz tomonidan jahonning oʻndan ortiq eng yirik arxeologiya markazlari bilan hamkorlikda Oʻrta Osiyo xalqlari moddiy madaniyati tarixi, Oʻzbekiston hududida ilk davlatlarning paydo boʻlishi, ilk shahar madaniyati va ilk sivilizatsiyalarning shakllanishi muammosi, antik va oʻrta asrlarda oʻzbek xalqi va davlatchiligi taraqqiyoti bilan bogʻliq koʻplab yodgorliklarda arxeologik tadqiqotlar amalga oshirib kelinmoqda.

Termiz davlat universitetida ikki yildan beri Oʻzbekiston tarixi, etnografiya, etnologiya va antropologiya ixtisosliklari boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash faoliyat koʻrsatmoqda. Universitetda tarix va arxeologiya boʻyicha tadqiqotlar muntazam tadqiqotlar davom ettirilmoqda. Joriy yilda universitetda Oʻzbekiston tarixi va arxeologiyasiga bagʻishlangan 2 ta Respublika miqyosidagi konferensiya tashkil etish, Fransiya, Chexiya va Rossiya ilmiy markazlari bilan hamkorlikda 10 ga yaqin yodgorliklarda arxeologik tadqiqot olib borish, 10 ga himoyalar rejalashtirilgan boʻlib, Oʻzbek davlatchiligi tarixini oʻrganishda oʻziga xos munosib hissa boʻladi deb oʻylaymiz, deydi Termiz davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Avazjon Mamarahimov.

Seminar doirasida Surxon vohasining keyingi yillarda dunyo ilm-faniga munosib hissa qoʻshishi imkoniyatlari keng ilmiy jamoatchilik oldida muhokama qilindi. Bahs-munozaralarda respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan tarixchi olimlar va fan oʻqituvchilari jonli va onlayn shaklda bu borada oʻz fikr-mulohazalarni bildirishdi.

Yalpi majlis yakunida ishtirokchilar tomonidan “Oʻzbek xalqi davlatchiligi tarixi” boʻyicha bir qator takliflar-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, ilmiy doira vakillari Termiz davlat universiteti talabalariga tarix fanining dolzarb masalalari boʻyicha master klass tashkil etilishi kelishib olindi.

Azimbek Samadov,

Yangi Oʻzbekiston muxbiri